Sport | 12:56 / 11.11.2019
35000
8 daqiqa o‘qiladi

Kun mojarosi. Hakam «Manchester Siti»ga nisbatan nohaqlik qildimi?

Kecha bo‘lib o‘tgan Angliya chempionatining markaziy o‘yinida mezbonlarning birinchi goli munozaralarga sabab bo‘ldi. Fabino hisobni ochishidan bir necha soniya avval «Manchester Siti» hujum qilayotgan edi va to‘p jarima maydoni ichida «Liverpul» himoyachisi Trent Aleksandr-Arnoldning qo‘liga tegdi.

Bu yerda ataylab qo‘l bilan o‘ynalmagani haqida gapirish noo‘rin, chunki birinchidan, Trentning qo‘li tabiiy holatda bo‘lsa-da, tanasining imkon qadar kattaroq yo‘nalishni to‘sib turishga sabab bo‘lgandi. Ikkinchidan, agar to‘p himoyachining qo‘liga tegmaganda, orqada turgan Sterlingga borib tushar va «Manchester Siti» hujumchisi juda qulay imkoniyatga ega bo‘lardi. Alohida olinganda bu – yaqqol penalti.

Xo‘p, hakam xato qildimi?

Gap shundaki, to‘p Trentning qo‘liga tegishidan oldin, «Manchester Siti» futbolchisi Bernardu Silvaning qo‘liga ham tekkandi. Hakam har ikki holatni bir epizod sifatida baholadi va «Liverpul» himoyachisining qo‘liga tekkan to‘p aslida «Manchester Siti» hujumchisining qoida buzishidan voqealar zanjiri asosida yuzaga kelgandi. Bu vaziyatni hakam xuddi shunday baholadi va hatto VAR’ga murojaat qilishni lozim topmadi ham. Tabiiyki, bu yerda bir nechta savollar tug‘iladi.

Xo‘sh, unda hakam nega to‘p Bernardu Silvaning qo‘liga tekkanini ko‘rgach o‘yinni darhol to‘xtatmadi?

Ma'lumki, yangi qoidalarga asosan, agar to‘p hujum qilayotgan futbolchining qo‘liga tegsa, qat'iyroq chora ko‘riladi. Ya'ni qo‘lning holati, ataylab yoki ataylab emasligi, o‘rtadagi masofa, farqi yo‘q, to‘p qo‘lga tegdimi, tamom – qoida buzilishi hisoblanadi. Hakam katta ehtimol bilan Silvaning holatini ko‘rgan, lekin epizod yakunlanishini kutgan bo‘lishi mumkin. Agar «Manchester Siti» gol urganida, hakam VAR’ga murojaat qilar va golni bekor qilar edi. Esingizda bo‘lsa, «Liverpul»ning «Old Trafford»da urgan shunday goli VAR yordami bilan bekor qilingandi.

Hakam unda bu imkoniyat borligi uchun ham, bemalol vaziyatni qo‘yib berdi. Imkon qadar to‘liq amin bo‘lib, keyin qaror chiqarishni istadi. Bu tushunarli.

Nega to‘p Aleksandr–Arnoldning qo‘liga tekkanidan keyin VARga murojaat qilinmadi?

Yuqorida aytilganidek, Maykl Oliver har ikki holatni ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani ahamiyat kasb etdi. VAR hakam uchun texnik yordam, qachonki, u vaziyatni ko‘rmay qolsa yoki qaytadan baholashni istasa, videotakrordan so‘raydi. (Faqat APL va boshqa ligalardagi farq shundaki, Angliyada VAR orqali qaror chiqarish va bosh hakamga ma'lum qilish videohakamlar zimmasida, boshqa joylarda esa, bosh hakamning o‘zi vaziyatni videoda ko‘rib so‘nggi qarorni chiqaradi). Oliver vaziyatni ko‘rgan ekan, texnik yordamga ehtiyoj sezmadi. Bu yerda gap to‘pning himoyachiga tekkan yoki tegmagani emas, undan oldingi epizod, Silvaning vaziyatida edi.

Hakam o‘yinni davom ettirdi va «Liverpul» qarshi hujumda gol urdi. «Manchester Siti» futbolchilari faol tarzda hakamga e'tiroz qila boshlashdi. Undan vaziyatni videoda ko‘rishni va golni hisoblamasdan, aksincha, mezbonlar darvozasiga penalti belgilashni so‘ray boshlashdi. Maykl Oliver mehmonlarning talablarini qondirmadi va vaziyatni qaytadan baholashni istamadi. VAR’ga murojaat qilishni lozim topmadi.

Menimcha, bu yerda Oliver juda to‘g‘ri qarorga keldi. Tasavvur qiling, agar u VAR’ga murojaat qilganida, Fabinoning golini bekor qilishi va mezbonlar darvozasiga penalti belgilashi shart bo‘lib qolardi. Chunki to‘p himoyachining qo‘liga tekkan – bu yuz foizlik penalti. Yomon tomoni, VAR’ga murojaat qilinsa, Bernardu Silvaning ham qo‘l bilan o‘ynaganini baholash imkonsiz bo‘lib qolardi. Bu esa, mantiqan «Liverpul» uchun nohaqlik.

Bizga yaxshi ma'lumki, VAR’ga 4 holatda murojaat qilinadi.

1. Gol yoki gol emasligini aniqlash uchun;

2. Qizil kartochkani aniqlash uchun;

3. Penaltini aniqlash uchun;

4. Futbolchini identifikatsiya qilishdagi xatoni aniqlash uchun.

Ko‘rib turganingizdek, to‘p hujumchining qo‘liga tekkanini aniqlash bu yerda yo‘q. Qachonki, hujumchi to‘pni qo‘li bilan o‘ynab, gol urgandagina, birinchi punktga binoan ko‘rib chiqish mumkin. Bernardu Silvaning qo‘liga to‘p tekkach, «Manchester Siti» gol urmadi. Shu bilan tamom. Endi Silvaning qo‘liga tekkan holatga qaytish uchun «fortochka» qolmadi. Qoida buzgan taraf gol ura olmagach, bu yerda VAR chetga chiqadi. Silvaning qo‘li uchun endi videotakror yordamida jarima zarbasi belgilash umuman imkonsiz.

Ammo Trent Aleksandr-Arnoldning qo‘liga tekkan to‘p penaltiga sabab bo‘lishi mumkin – uchinchi punktga ko‘ra, bu epizod uchun videohakamlar aralasha oladi. «Manchester Siti» futbolchilari hakamlar VAR’ni so‘rashganda birinchi punkt, ya'ni Fabinoning goli bo‘yicha emas, aynan penalti vaziyatiga edi. Agar hakam «Manchester Siti» talabini qondirganda, ularning foydasiga penalti belgilashdan boshqa chorasi qolmasdi. Bu esa, epizodlar rivojidagi mantiqqa tamomila zid qaror edi.

Yuqorida aytganimdek, «Liverpul»ga nisbatan nohaqlik bo‘lib qolardi. Hakam to‘p Silvaning ham qo‘liga tekkanini ko‘rdi, uning penalti belgilamaganining ham sababi shu. Vaziyatni bu qadar rivojlanishiga sabab «Liverpul»ning qarshi hujumi va oqibatda kiritilgan gol bo‘ldi, xolos. Agar hakam to‘p Silvaga tegishi bilan darhol o‘yinni to‘xtatib, qoida buzilishini qayd etganda, hech qanday e'tiroz bo‘lmasdi ham. Bu yerda ayb «Manchester Siti» futbolchilarining o‘zida – ular hakamga e'tirozni boshlab yuborishdi, diqqatni jamlay olmadilar, go‘yo, baribir hozir o‘yin to‘xtab, hakam VAR’ga murojaat qilishini kuta boshladilar.

Golga sabab ham shu bo‘ldi, hakam xatosi emas. «Manchester Siti»ning o‘sha belgilanmagan penaltidan ko‘ra, «Liverpul»ning Fabinoning goliga haqqi o‘n barobar ko‘proq edi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid