Jamiyat | 17:32 / 12.11.2019
22982
5 daqiqa o‘qiladi

Katta Langar Qur'oni restavratsiya qilinmoqda

Qur'onning eng qadimgi va nodir qo‘lyozma nusxalaridan biri hisoblangan Katta Langar Qur'oni fransiyalik mutaxassislar tomonidan restavratsiya qilinmoqda.

Katta Langar Qur'oni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida uzoq vaqt saqlangani bois shunday nom olgan bo‘lib, Islom olamidagi eng qadim tarixga ega Mushaf qo‘lyozmalaridan biri sanaladi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi shafe'ligida mazkur qo‘lyozma sahifalarini restavratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayonga Fransiyaning Luvr muzeyi restavrator mutaxassislari jalb qilingan.

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi vakili, restavratsiya loyihasi kuratori Shahnoza Ishmatovaning ma'lumot berishicha, restavratsiya ishlari uch bosqichda olib borilishi rejalashtirilgan.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

6-12 noyabr kunlari tiklash ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi. Keyingi yilning fevral oyidan restavratsiya davom ettiriladi, sentabr oyidagi uchinchi bosqich ishlaridan so‘ng jarayon yakunlanadi.

«Hozirgacha 5ta sahifa muvaffaqiyatli tarzda to‘liq restavratsiya qilindi, ular hozir bosmada saqlanmoqda», ─ deydi loyiha kuratori.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Restavratsiya jarayonini olib borayotgan mutaxassislar Kun.uz bilan suhbatda qo‘lyozmaning holati haqida gapirib berdi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi
Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

«Katta Langar Qur'onining [O‘zbekiston Musulmonlar idorasida saqlanayotgan qismi] 12ta birlashtirilgan sahifa va bitta alohida ─ jami 13ta sahifadan iborat. Sahifalar XIX asrda muqovalangan. Qur'onning o‘zi esa VIII asrda bitilgan deb hisoblanadi.

Sahifalar pergamentdan tayyorlangan. Bu mahsulot buzoq terisidan tayyorlangan. Yozuvlarni tushirish uchun qalamdan foydalanilgan. Standart siyoh (iron gall ink) qo‘llanilgan. Yozuvlar ustidan qo‘shimchalar kiritilgan. So‘zlar talaffuzi aniqroq bo‘lishi uchun qizil siyoh bilan belgilar qo‘yib chiqilgan.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Pergamentlar mustahkam saqlanishi uchun bog‘lab chiqilgan, biroq ular sahifalarga qaraganda chidamsizroq. Shuning uchun biz sahifalarni birlashtirib turgan bog‘lamni yechdik», – deydi Luvr muzeyi restavrator mutaxassisi Aurel Streri.

Fransiyalik restavrator Aksel Delo qo‘lyozmani tiklash jarayoniga to‘xtaldi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi
Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi
Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

«Katta Langar Qur'onini tadqiq qilgandan so‘ng uni tiklash ishlari boshlandi. Ishni har bir sahifaning siyohini quritishdan boshladik. Avval yopishtirilgan qog‘ozlarni, zararlangan qismlarga yamalgan bo‘laklarni ko‘chirib oldik. So‘ng qog‘ozlarga dam berildi. Ular juda ham quruq bo‘lib qolgan, egiluvchanligini yo‘qotgan edi. Bu esa hujjat bilan ishlashda xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun qog‘ozni yumshatish maqsadida kedr moyidan foydalandik.

So‘ng sahifalar bosmaga qo‘yildi. Bosma uchun yapon qog‘ozi parchalaridan foydalanildi. Chunki bu qog‘oz yaxshi toladan tarkib topgan va chidamli. Yozuv uchun qog‘oz yuzasiga juda yaxshi singadigan maxsus siyoh ishlatildi. Yo‘qolgan joylarni tiklash uchun koreys qog‘ozi qo‘llanildi», – deydi mutaxassis.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Katta Langar Qur'onining O‘zbekistonga qanday kelib qolgani haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. Ilmiy tadqiqotlar xulosasiga asosan, qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragida – arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.

Taxminlarga ko‘ra, Katta Langar Qur'onining umumiy hajmi 206 sahifani tashkil etgan. Hozirgacha ularning faqatgina 97tasi saqlanib qolgan. Qolgan qismining taqdiri noma'lum.

Sahifalarning 81tasi Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi, bu yerga o‘tgan asrning 30-yillari oxirlarida keltirilgan. Qo‘lyozma qanday qilib Rossiyaga borib qolgani aniq emas.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekistonda mavjud 16ta sahifaning bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida, ikkitasi Buxoroda (Buxoro viloyat kutubxonasi va Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasida) saqlanmoqda.

Nodir qo‘lyozmaning 13ta sahifasi O‘zbekiston musulmonlar idorasi kutubxonasida muhofaza qilinadi.

Mavzuga oid