Jahon | 19:18 / 12.11.2019
30249
6 daqiqa o‘qiladi

Morales va boshqalar: hokimiyatdan ayrilgan qochqin rahbarlar qayerlardan panoh topishgan?

10 noyabr kuni iste'foga chiqqan Boliviya prezidenti Evo Morales Meksikadan siyosiy boshpana oldi. U hokimiyatdan chetlashtirilganidan so‘ng mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan birinchi davlat rahbari emas. RBK ana shunday rahbarlar ro‘yxatini tuzdi.

Evo Morales — Boliviyadan Meksikaga

Foto: David Mercado / Reuters

Evo Morales 2006 yildan buyon Boliviyaga prezidentlik qilib kelayotgandi. U prezidentlik saylovlarida to‘rtinchi bor g‘alaba qozonganidan so‘ng boshlangan norozilik namoyishlari ortidan 10 noyabr kuni iste'foga chiqdi. Evo Morales 12 noyabr kuni unga boshpana bergan Meksikaga uchib ketayotganini ma'lum qildi. 

Viktor Yanukovich — Ukrainadan Rossiyaga

Foto: Sergey Pivovarov / RIA Novosti

Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich 2014 yilda Yevromaydon, Kiyevdagi to‘qnashuvlar va siyosiy inqirozdan keyin hokimiyatdan chetlashtirilgandi. 2014 yil 23 fevralda u avval Qrimga, so‘ng Rossiyaga qochadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva sobiq prezidentning murojaatidan so‘ng unga qochib o‘tishga yordam bergan. Rossiya ichki ishlar vazirligi 2016 yilga kelibgina Yanukovichga vaqtinchalik boshpana berilganini tasdiqladi.

Asqar Akayev — Qirg‘izistondan Rossiyaga

Foto: Fedor Savinsev / TASS

Qirg‘iziston prezidenti Asqar Akayev 2005 yil martda «lola inqilobi»dan so‘ng lavozimidan ayrilgandi. Tez orada unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Akayev avval Qozog‘iston, so‘ngra Rossiyaga yo‘l oladi.

U hozirda Moskva davlat universiteti va Oliy iqtisodiyot maktabida faoliyat yuritmoqda.

Kurmanbek Bakiyev — Qirg‘izistondan Belarusga

Foto: Andrey Stenin / RIA Novosti

«Lola inqilobi» natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Kurmanbek Bakiyev 2010 yilda prezidentlikni yo‘qotdi va Belarusga qochib ketib, o‘sha mamlakat fuqaroligini oldi. Qirg‘izistonda u va uning ukasi Janish Bakiyev qator jinoyatlarda ayblanib, ularga sirtdan bir umrga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Erix Xonekker — GDRdan avval SSSRga, keyin Chiliga

Foto: Sergey Mamontov / TASS

GDR yetakchisi Erix Xonekker 1989 yilda iste'foga chiqqan. Bir necha oydan so‘ng u davlatga xiyonat va korrupsiyada ayblangan. Og‘ir kasalligi bois Xonekker hibsga olinmagan va SSSR prezidenti Mixail Gorbachyovning taklifiga ko‘ra xotini bilan Moskvaga kelgan. Gorbachyov lavozimini tark etganidan keyin RSFSR hukumati Xonekkerlar oilasidan mamlakatdan chiqib ketishni talab qilgan. Chilining Moskvadagi elchixonasida bir oz muddat yashagach, Xonekker Berlinga, xotini Margot esa Chiliga uchib ketgan.

Xonekkerning o‘zi ham 1993 yil yanvarda Chiliga ko‘chib o‘tgan va 1994 yilda vafot etgan.

Idi Amin — Ugandadan Liviyaga, keyin Saudiya Arabistoniga

Foto: AP

Uganda prezidenti Idi Amin mamlakatni sakkiz yil, 1979 yilda uning qo‘shinlari Tanzaniyaga bostirib kirib, yakson bo‘lguniga qadar boshqargan. Amin avval Liviyaga, keyinroq Saudiya Arabistoniga qochgan. U ortiga qaytishga bir necha marta harakat qilgan, 2003 yilda vataniga qaytolmay vafot etgan.

Konstantin II — Gretsiyadan Italiyaga, keyin Buyuk Britaniyaga

Foto: Keld Navntoft / Scanpix / Reuters

Gretsiyaning oxirgi qiroli Konstantin II 1973 yilda davlat to‘ntarishidan keyin mamlakatni tark etgan va dastlab Rimga, so‘ngra Londonga ketgan. U 1994 yilda Gretsiya fuqaroligidan mahrum qilingan. 2013 yil mayda Konstantin II va uning oilasi Gretsiyaga qaytgan, ular Portoxelion qishlog‘iga joylashishgan.

Markos Peres Ximenes — Venesueladan AQShga, keyin Ispaniyaga

Foto: AP

Venesuela prezidenti Peres Ximenes 1958 yilgi harbiylar isyonidan so‘ng hokimiyatdan ayrilgan. Avvaliga Dominikan Respublikasiga, so‘ngra AQShga qochgan. Ximenes o‘z vatanida davlat mablag‘larini o‘zlashtirib yuborishda ayblanganidan so‘ng AQSh uni Karakasga topshirgan. 1965 yilda u 13 yil-u to‘rt oyga ozodlikdan mahrum etilgan, ammo besh yildan so‘ng ozodlikka chiqib, Ispaniyaga yo‘l olgan.

1973 yilda prezidentlik saylovida nomzodini qo‘yish uchun Venesuelaga qaytgan, biroq tez orada vatanini tark etgan. U 2001 yilda Madridda vafot etgan.

Xuan Peron — Argentinadan Ispaniyaga

Foto: Zuma / TASS

1955 yil sentyabrda Argentina prezidenti Xuan Peron harbiy davlat to‘ntarishi natijasida taxtdan ag‘darilgan va Ispaniyaga qochib ketgan. 1973 yilda u hokimiyat tepasiga qaytishga erishgan, uning uchinchi xotini esa vitse-prezident bo‘lgan. Peron bir yildan so‘ng yurak kasalligidan vafot etgan.

Mixay I — Ruminiyadan Shveytsariyaga

Foto: Jim Pringle / AP

Ruminiya qiroli Mixay I 1947 yilda kommunistik hukumat monarxiyani bekor qilganidan so‘ng taxtdan mosuvo bo‘lgan. U Shveytsariyaga ketgan, tez orada ushbu mamlakat fuqaroligini olgan. 1992 yilda Ruminiyada sotsialistik hukumat ag‘darilganidan keyin taxtini qaytarib olishi mumkin bo‘lgan, lekin Ruminiya fuqaroligi qaytarib berilganidan so‘ng taxtdan voz kechgan. U 2017 yilda Shveytsariyada vafot etgan.

Mavzuga oid