O‘zbekiston | 18:04 / 13.11.2019
4809
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Ipak yo‘lida turizm» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Bugun, 13 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuida «Ipak yo‘lida turizm» 25-xalqaro turizm ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ochilish marosimida Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi v.b. Abdulaziz Aqqulov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, turizm elchilari, xorijiy ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Aqqulovning ma'lum qilishicha, joriy yilning 10 oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha xorijiy sayyohlarga jami 1,1 mlrd dollar miqdoriga teng eksport xizmatlari ko‘rsatilgan.

«Viloyatlar kesimida aytadigan bo‘lsak, Andijon (54 mln dollar), Namangan (41 mln dollar), Surxondaryo (38 mln AQSh dollar) viloyatlari ham turizm eksportidan sezilarli daromad olishmoqda.

Bunda mehmon uylarining hissasi beqiyos. 2 mln dollarlik xizmatlar aynan mehmon uylari tomonidan ko‘rsatildi.

Dunyoda 80 foizdan ortiq sayyohlar Ipak yo‘li haqida bilishadi. Forbes jurnali esa Ipak yo‘lini eng qudratli brendlardan biri ekanini tan oldi. O‘zbekiston Ipak yo‘lida alohida o‘rin tutgan bo‘lib, «Ipak yo‘li yuragi» maqomiga ega. Aynan shuning uchun ham «Ipak yo‘lida turizm» ko‘rgazmasi biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi», – deydi Abdulaziz Aqqulov.

Tadbirda, shuningdek, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, BMT Jahon sayyohlik tashkilotining Yevropadagi boshqarmasi koordinatori Piter Yanich, O‘zbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi Yuriy Stoyanov ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari yil sayin oshib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

Mavzuga oid