O‘zbekiston | 09:03 / 22.11.2019
10614
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilinadi. Prezidentning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash siyosatining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanadi:

xorijiy mamlakatlarning davlat va nodavlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar tomonidan O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgan, zamonaviy demokratik huquqiy davlat sifatida yaxlit va ijobiy qabul qilinishini kuchaytirish;

siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda davom etayotgan keng ko‘lamli islohotlar va o‘zgarishlarni davom ettirish, respublikaning investorlar va ishbilarmon sheriklar uchun jozibadorligini kuchaytirish, jahon miqyosida milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlash, O‘zbekiston manfaatlariga mos keladigan muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun eng qulay sharoitlarni shakllantirish;

xalqaro maydonda O‘zbekistonning jozibali milliy brendini shakllantirish va mustahkamlash orqali mintaqaviy va global bozorlarda mahalliy tovarlar va xizmatlar eksportini ilgari surish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va uning jahon hamjamiyatida ijobiy qabul qilinishini kengaytirish orqali milliy suverenitet, barqarorlik va xavfsizlikni kuchaytirish.

O‘zbekistonni Osiyoning yetakchi ishbilarmonlik, madaniy va turizm markazlari safiga kiritish.

Konsepsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi ijobiy imijini shakllantirish va mustahkamlash hamda xalqaro nufuzini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni belgilovchi O‘zbekistonning asosiy imij xususiyatlari quyidagilardan iborat:

boy madaniy, tarixiy, ma'naviy va intellektual meros, davlatchilikning ko‘p asrlik tarixi;

fan va madaniyat, dunyo va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan va tan olingan hissasi;

an'anaviy va yuqori darajadagi millatlararo hamda konfessiyalararo hamjihatlik, jamiyatdagi ijtimoiy totuvlik va bag‘rikenglikka asoslangan dunyoqarash;

yuqori darajali insoniy potensial, shakllangan davlat va jamoat boshqaruv organlari tizimining mavjudligi;

katta tabiiy resurslar salohiyati, rivojlangan transport va kommunikatsiya infratuzilmasi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishning asosiy omillari quyidagilardir:

mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikning saqlanib qolinishi;

jamiyatning va davlat faoliyatining barcha sohalarining tubdan isloh qilinishi, hukumat va boshqaruv hamda sud-huquq tizimlarining barqarorligi, davlat siyosatining izchilligi va ochiqligi, ijtimoiy tenglik va jamoatchilik nazorati institutini rivojlantirishga asoslangan davlat va jamoat institutlarining samaradorligi;

demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish va kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashdagi ijobiy o‘zgarishlar;

inson huquqi va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalarning bajarilishini ta'minlanishi, umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirilishi, inson diskriminatsiyasiga va jamiyatning barcha sohalarida tengsizlikka yo‘l qo‘yilmasligi;

iqtisodiyotning liberallashtirilishi va diversifikatsiya qilinishi, iqtisodiy o‘sishning yuqori sur'atlari, sanoat va qishloq xo‘jaligi raqobatbardoshligining oshishi hamda ularning modernizatsiyasi va intensiv rivojlanishi, xususiy mulkchilik rolining ustuvorligi va uning huquqlari himoyasining kuchayishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojining rag‘batlantirilishi, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti va hududlarini rivojlantirish maqsadida xorijiy investitsiyalarning faol jalb qilinishi;

turizm infratuzilmasi va turistik xizmatlarining uzluksiz yangilanishi va rivojlanishi, tarixiy va madaniy obektlarni umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq saqlanishi va tiklanishi;

«Made in Uzbekistan» brendi ostida yuqori sifatli milliy tovarlar va xizmatlar, raqobatbardosh mahsulotlar eksportining kengaytirilishi;

kuchli ijtimoiy siyosat, aholi bandligi, uning real daromadlari va farovonligining oshishi, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlarining takomillashtirilishi, inson taraqqiyotiga davlat tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyalar;

ayollar ahvolining yaxshilanishi, ularning iqtisodiy faolligining va ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolining oshishi;

fuqarolarning jinsiy, milliy, diniy, irqiy mansubligi va ijtimoiy mavqeidan qat'iy nazar, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va iqtisodiy faoliyatidagi rolining oshishi;

yuqori darajali ta'lim, milliy fan, madaniyat, adabiyot, san'at va sport sohalaridagi yutuqlar;

yoshlarning ijtimoiy va iqtisodiy faolligining oshirilishi, davlat tomonidan samarali olib borilayotgan yoshlar siyosati;

O‘zbekistonga tarixan xos bo‘lgan multikulturalizmning saqlab qolinishi;

millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning mustahkamlanishi, ma'rifatli islomning targ‘ib etilishi va ushbu yo‘nalishlardagi O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari;

chet eldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishi;

O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi chet el fuqarolarining huquqlarini himoya qilish darajasining ortishi;

mamlakatning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashga, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik hududini yaratishga qaratilgan ochiq, do‘stona, muvozanatlashgan, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatning amalga oshirilishi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash va ilgari surishning asosiy tamoyillari quyidagilardir:

xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, xorijiy nodavlat tashkilotlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari bilan konstruktiv va ochiq muloqot olib borishga tayyorlik;

xolislik, tizimlilik, doimiylik va izchillik;

ilmiy jihatdan asoslanganlik;

o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;

ommaviy axborot vositalarining erkinligi va mustaqilligi;

tinchlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, inson huquqi va manfaati qadriyatlari g‘oyalariga sodiqlik;

hukumat qarorlarini qabul qilishda mamlakatning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash siyosatining asosiy yo‘nalishlarini har tomonlama inobatga olish.

Mavzuga oid