O‘zbekiston | 09:36 / 22.11.2019
9721
3 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim sohasiga yo‘naltirilgan budjet xarajatlari 77 foizga oshdi

21 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.

Hisobotni moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarov taqdim etdi.

Ahadbek Haydarov
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Hukumat taqdimiga ko‘ra, 2019 yilda soliq siyosatini tubdan takomillashtirish konsepsiyasining amalga tatbiq etilishi, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy qilingan yangiliklar hisobiga iqtisodiyotda tashqi va ichki savdo aylanmasining o‘sishiga, valuta bozorining yanada erkinlashuviga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilishiga erishildi.

Natijada joriy yilning to‘qqiz oyida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,7 foizni tashkil etdi, xususan, xizmatlar ko‘rsatish 1,7 foiz, sanoat mahsulotini ishlab chiqarish hajmi 1,6 foiz, mahsulotlarga sof soliqlar 0,7 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaliklari mahsuloti hajmi 0,6 foiz hamda qurilish ishlari hajmi 1,1 foiz o‘sgan.

Davlat budjeti daromadlari 79,2 trln. so‘mni, xarajatlari esa, 86,5 trln. so‘mni tashkil etib, yalpi mahsulotdagi ulushi tegishincha 21,9 va 23,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasi 31,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,2 foiz oshgan, eksport hajmi 13,7 mlrd. AQSh dollarini va import hajmi 18,0 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinib, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 45,9 trln. so‘m yoki umumiy xarajatlarning 53,2 foizi miqdorida mablag‘ sarflangan. Bu xarajatlar YaIMga nisbatan 12,7 foizni tashkil etgan.

«Mablag‘larning eng katta qismi – ta'lim sohasini saqlash, uni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Ushbu yo‘nalishga davlat budjetidan 2018 yilning mos davriga nisbatan 77,4 foizga ko‘p yoki 24,2 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Jumladan, maktabgacha ta'lim muassasalariga 3,7 trln. so‘m, umumta'lim maktablariga 13,8 trln. so‘m, kadrlar tayyorlash xarajatlariga 3 trln. so‘m sarflandi», deya Ahadbek Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Muhokamalardan so‘ng deputatlar davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi bo‘yicha hukumat hisobotini tasdiqlashga qaror qabul qildilar.

Mavzuga oid