Jamiyat | 14:00 / 22.11.2019
9996
3 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prik tumanida doimiy ravishda tok o‘chayotgani yuzasidan izoh berildi

«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati bir necha kundan buyon Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida elektr energiyasi doimiy ravishda uzilishi kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabar yuzasidan izoh berdi.

«21 noyabr kuni Kun.uz rasmiy kanali  orqali e'lon qilingan, «Tashqarida XXI asrmi?» sarlavhali tanqidiy postdan so‘ng vaziyat «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, shu kunning o‘zida murojaatchi bilan ko‘rishib, murojaat bo‘yicha keltirib o‘tilgan muammolar o‘rganildi.

Xususan, iste'molchi xonadoni 35/10 «Shodlik» nimstansiyasi, 10 kV «Shirmon» fideriga ulangan №557–sonli quvvati 100 kVA bo‘lgan transformator punktiga ulangan bo‘lib, hozirda «Tinchlik» MFY, Do‘stlik ko‘chasi to‘liq elektr energiyasi bilan ta'minlangan. Transformator punkti normal rejimda ishlamoqda.

So‘nggi kunlarda havo keskin sovishi natijasida iste'molchilarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj oshgan. Oy boshiga nisbatan so‘nggi kunlarda iste'mol qilinayotgan elektr energiyasi 1,5 barobarga oshgan. Bu holat nafaqat Uchko‘prik tumani, balki viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuzatilmoqda. 

Murojaatchi bilan suhbat davomida yuqorida keltirib o‘tilgan holatlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi hamda viloyatning barcha hududlari to‘liq nazoratga olindi. 

Iste'molchilarga elektr energiyasini sifatli yetkazib berish maqsadida mutaxassislarimiz tomonidan tun-u kun tegishli tartibda choralar ko‘rilmoqda. 

Shu o‘rinda, iste'molchilarimizdan elektr energiyasi resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, ularning isrof bo‘lishi oldini olish, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, shu bilan birga, elektr jihozlaridan foydalanishda xavfsizlikka rioya etishni so‘rab qolamiz», deyiladi «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid