Jahon | 23:11 / 28.11.2019
17300
2 daqiqa o‘qiladi

Albaniya mudofaa vaziri zilzila qurbonlari ismlarini o‘qiyotib yig‘lab yubordi 

Albaniya mudofaa vaziri Olta Jachka mamlakatda yuz bergan kuchli zilzila qurbonlari ismlarini o‘qiyotib yig‘lab yubordi.

Albaniyada 26 noyabrga o‘tar kechasi 6,4 magnitudali zilzila yuz berdi. Kuchli silkinishlar poytaxt Tirana va zilzila markaziga eng yaqin joylashgan Durres shahrida sezilgan. Zilzila oqibatida bir necha uy qulab tushgan, ular vayronalari ostida hali ham odamlar qolayotgan bo‘lishi mumkin. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 32 kishi halok bo‘lgan, 658 kishi jarohatlangan, 47 kishi qutqarib olingan. 

Albaniyada 28 noyabrda milliy bayroq kuniga bag‘ishlangan tantanalar bekor qilinib, milliy motam e'lon qilingan.

“Bu mening eng og‘ir nutqim. Biz buzilgan uylarni qayta qurishimiz mumkin, biroq 26 noyabrdagi zilzilada halok bo‘lgan odamlarning hayotini qaytara olmaymiz”, deb aytgan mudofaa vaziri.  

Shundan keyin vazir qurbonlar ismlarini o‘qishni boshlagan, biroq ro‘yxatning o‘rtasiga kelganda, o‘zini bosolmay, yig‘lab yuborgan. 

Avvalroq 25 kishi bedarak yo‘qolgani ma'lum qilingandi. Ularni qidirish ishlari davom etmoqda. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasida bir nechta davlat mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Iyulda Albaniya prezidenti Ilir Meta gretsiyalik seysmolog Akis Tselentis ma'lumotlariga tayangan holda bosh vazir Edi Rama, bosh vazir o‘rinbosari Erion Brache va mudofaa vaziri Jachkani “Bolqonda yuz berishi mumkin bo‘lgan falokatli zilzilaga” tayyorlanishga chaqirgan. Biroq Jachka prezident chaqirig‘iga albaniyalik seysmologlar ma'lumotlariga ko‘ra falokatli zilzila yuz berishi ehtimoli yo‘qligi, uning vazirligi esa “tabiiy ofatlarga 30 yil ichida har qachongidan yaxshiroq tayyor ekani” bilan javob bergan. 

Mavzuga oid