Jahon | 21:50 / 06.12.2019
5559
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziya prezidenti amaldorlar o‘rniga algoritmlardan foydalanish haqida ko‘rsatma berdi

Joko Vidodo avtomatlashtirish korrupsiya va ortiqcha byurokratiyani yengish imkonini berishiga umid bildiryapti. Bu kabi dadil qaror mamlakatni xomashyo iqtisodiyotidan yuqori texnologik tovarlar ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotga aylantirishda ko‘mak berishi lozim. 

Keng ko‘lamli korrupsiya Indoneziya uchun jiddiy muammo bo‘lib qolyapti. Ayrim so‘rovnomalarga ko‘ra, davlat xizmatchilarining yarmiga yaqini pora oladi. Bu esa mamlakat uchun yiliga yuzlab million dollarga aylanmoqda. Bundan tashqari, davlat xizmatlari o‘ta byurokratik.

Mamlakat prezidenti Joko Vidodo muammoning radiakal yechimini taklif qildi. U amaldorlarning bir qismini sun'iy idrok bilan almashtirish haqida farmoyish chiqardi. Vidodoning amaldagi koalitsiyasi Indoneziya parlamentidagi 74 foiz o‘rinlarni egallashi hisobga olinadigan bo‘lsa, prezidentning har qanday tashabbusi shubhasiz ma'qullanadi. 

ZME Science’ning xabar berishicha, gap biznesni nazorat qiluvchi davlat organlarini isloh qilish haqida ketyapti. Hozirda ular to‘rt darajadan iborat. Vidodo ularni ikkitagacha qisqartirmoqchi. Sun'iy idrokdan foydalanish qisqartirishga tushgan davlat xizmatchilari o‘rnini bosish imkonini beradi.

Prezident mazkur islohot biznes rivojlanishiga hissa qo‘shib, mamlakatga xomashyo eksportidan yuqori texnologik tovarlar, masalan, elektromobillarni ishlab chiqishga o‘tilishida yordam berishiga umid qilyapti.

Indoneziyada algoritmlardan aynan qanday foydalanilishi rejalashtirilayotgani hali aniq emas. Shunga qaramay, bu hatto rivojlanayotgan mamlakatlarda hozirning o‘zidayoq sun'iy idrok insonlar o‘rnini bosayotganini ko‘rsatuvchi aniq belgidir. 

Masalan, AQShda avtomatlashtirish shiddat bilan davom etmoqda. To‘g‘ri, bu yerda robotlar amaldorlar emas, ishchilar o‘rnini egallayapti. Hozircha salbiy ta'sir u qadar sezilarli emas, biroq jo‘shqin iqtisodiy o‘sish ana shu ta'sirni yashirayotgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid