Jamiyat | 17:05 / 06.12.2019
4449
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar ishtirokidagi jinoyatlar 32,8 foizga kamaydi – IIV

2019 yilning 10 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xotin-qizlar ishtirokidagi jinoyatlar 32,8 foizga kamaygan. Bu haqda AOKAda «Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qartilgan chora-tadbirlar» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 2019 yilning o‘tgan davri mobaynida respublikada 5624 nafar xotin-qizning ishga joylashishiga ko‘maklashildi, 4807 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi, davolashga muhtoj 1500 nafar xotin-qiz tibbiy dispanserlarga yuborildi, 1688 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini qayta tiklashda yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 271 nafar xotin-qiz Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reablitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishining oldini olish markazlariga yuborildi», deya IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Boshqarma boshlig‘ining ta'kidlashicha, 2019 yilning 10 oyi davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xotin-qizlar ishtirokidagi jinoyatlar 32,8 foizga, ya'ni 4861tadan 3267taga kamaygan. Shu bilan birga, 25 mingdan ortiq oilaning notinchligiga barham berilgan, 10 mingdan ortiq yosh oilaning ajralib ketishi oldi olingan.

Avvalroq O‘zbekistondagi profilaktika inspektorlarini qo‘l kishanlari bilan ta'minlash 72 foizga yetgani, qisqa fursatda bu ko‘rsatkich 100 foizga chiqishi ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid