Jamiyat | 12:10 / 08.12.2019
12497
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda «Hosil bayrami» o‘tkazildi

7 dekabr kuni Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan «Hosil bayrami» o‘tkazildi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, qishloq xo‘jaligi xodimlari, mehnat faxriylari, yoshlar, sportchilar ishtirok etishdi.

Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati stadioni hududida viloyatning barcha tumanlari o‘z pavilonlarida qishloq xo‘jaligida erishilgan yutuqlar, yetishtirilgan mahsulotlarining ko‘rgazmasini tashkil qilishdi.

Yil davomida samarali hosildorlikka erishgan Xonqa, Yangibozor, Xiva va Shovot tumanlarining 4ta sektor rahbarlariga viloyat hokimligining sovg‘alari, yengil avtomobillar topshirildi. Qishloq xo‘jaligining bir guruh faol xodimlari ham qimmatli sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shundan so‘ng, bayram tadbiri sayl ko‘rinishida davom etdi va madaniy dasturlar, xalq o‘yinlari va sport musobaqalari boshlandi. Milliy sport turlari bo‘lmish kurash, qo‘l qayirish, tosh ko‘tarish va arqon tortish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Bayram tadbiri xorazmlik san'at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

Kun.Uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid