Qurilish sohasida qurilish: muammolar va yechim
O‘zbekiston Respublikasida biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi «Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4160-sonli qarori hamda 2019 yil 20 noyabrdagi «Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4525-sonli qarori mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda katta ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4525-sonli qarorida qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr ta'minoti tizimiga ulanish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit berish hamda to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish yo‘nalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida «Biznes yuritish» yillik hisoboti tegishli indikatorlari bo‘yicha mamlakatning reytingdagi o‘rni pastligicha qolayotgani qayd etib o‘tilgan.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda barcha sohalar kabi, qurilish sohasida ham qator islohotlar amalga oshirilishiga qaramasdan, ularning mazmun-mohiyati joylardagi ijrochilarga hamda fuqarolar va tadbirkorlarga yetib bormayotgani, qonun hujjatlarini amaliyotda noto‘g‘ri qo‘llash natijasida O‘zbekiston qurilish sohasida «Biznes yuritish» («Doing Business-2020») yillik hisobotida bor yo‘g‘i ikki pog‘onaga ko‘tarila oldi (134-o‘rindan
132-o‘ringa), holbuki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga to‘liq va to‘g‘ri tatbiq etilishi bilan ancha yaxshi ko‘rsatkichlarga erishish mumkin edi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish, bu boradagi maqsadli parametrlarni belgilash va ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham qurilish sohasida bugungi kunga qadar eski standart va me'yorlar saqlanib qolayotgani, yangi innovatsion yechimlar va loyihalar ustida ishlovchi mutaxassislar tayyorlashga umuman e'tibor qaratilmayotgani, shuningdek loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qurilishga ruxsatnomalar berish va kelishish jarayonlari qog‘oz shaklida amalga oshirilayotgani, mutasaddi tashkilotlarda o‘zaro elektron hamkorlik yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid ostiga olgan edi.
Shunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining PQ-4525-son qarorida 2020 yilning 1 yanvariga qadar qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish (markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish obektlari bundan mustasno) hamda obektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik sub'yektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga obektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuborishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritish vazifasi belgilangani bu sohada yanada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi.
Mazkur topshiriq to‘g‘ri va sifatli, amaliyotdagi muammolarni hisobga olgan holda ijro etilishi qurilish sohasida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, mamlakatdagi biznes muhitini yaxshilash (bugungi kunda qurilish sohasining mamlakat iqtisodiyotidagi ko‘lami juda katta ahamiyatga ega), shuningdek respublikaning xalqaro reytinglardagi, shu jumladan «Doing Business» yillik hisobotidagi mavqeyini yaxshilashga katta ta'sir ko‘rsatadi.
Shunga muvofiq, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan qurilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar bazasini yaxshilash va ruxsat berish tartib-tamoillarini soddalashtirish maqsadida quyidagilar taklif qilinadi:
– shaharsozlik normalari va qoidalarini zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan va xorijiy tajribadan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish va qisqa fursatda tasdiqlash;
– qurilish maydonining topografik suratini tayyorlash, chegara belgilash va arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish davlat xizmatlarini murojaatchilarning ixtiyoriga ko‘ra kompozit tartibda ko‘rsatish tizimini joriy etish;
– keraksiz tartib-taomillarni (loyihalash topshirig‘ini tasdiqlash, ishchi umumiy rejani tasdiqlash va hokazo) to‘liq yo‘qotish;
– loyiha-smeta hujjatlarini kelishish davlat xizmatining o‘rniga, tayyor loyiha-smeta hujjatlarini hamda ijobiy ekspertiza xulosalarini Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hududiy qurilish boshqarmasiga hamda qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hududiy inspeksiyalarga yuborish orqali qurilish-montaj ishlarini boshlashga ruxsat berish tartibini joriy etish;
– loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish jarayoninin optimallashtirib, ishchi loyiha va ekspertiza xulosalarini parallel ravishda bir vaqtning o‘zida vakolatli organlar bilan kelishish (talab etilganda) tartibini amaliyotga tatbiq etish (qonunchilikda ekspertiza qilish muddati 15 kun qilib belgilangan bo‘lsada, jarayonlar zanjiri uzilgani, har bir biznes protsess ketma-ketlik asosida amalga oshirilgani sababli xizmat ko‘rsatish muddati 45 kundan 64 kungacha cho‘zilishi mumkin);
– davlat tasarrufidagi ekspertiza tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini ishlab chiqish;
– davlat xizmatlari ko‘rsatish biznes jarayonini BPR texnologiyalaridan foydalangan holda optimallashtirish va «G2G» modelini (davlat idoralarining o‘zaro axborot almashinuvi) rivojlantirish.
Yuqoridagi chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilishi bilan qurilishga ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan soddalashtirishga, korrupsiagen va sansalorlik holatlari oldi olinishiga, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonlari mavjud 17ta bosqichdan 14tagacha qisqarishiga va davlat xizmatlari ko‘rsatilishining muddatlari 240 kundan 110 kunga qisqarishiga, eng muhimi «Doing Business» yillik hisobotida mamlakatning aynan qurilishga ruxsat berish indikatori bo‘yicha birinchi 30talik davlatlar qatoriga kirishiga erishiladi.
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i X.Ochilov
Mavzuga oid
18:32 / 02.12.2021
Qurilish materiallari ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun 200 mln dollar ajratildi
17:04 / 02.12.2021
Prezident videoselektorida uy-joy qurilishida hali o‘z yechimini topmagan masalalar sanab o‘tildi
20:56 / 20.07.2020
Qurilishda aniqlangan kamchiliklar tizimga onlayn kiritiladi va nazorat avtomatlashtiriladi
12:00 / 19.01.2020