O‘zbekiston | 08:26 / 14.12.2019
10634
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslar faoliyatini tugatish tartibiga o‘zgartish kiritildi

“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan bir qator qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Jumladan, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, yuridik shaxs moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan boshlab 3 yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra tugatilishi mumkin (NNTlar bundan mustasno).

Amalda 6 oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonasi esa –– 3 oy mobaynida) moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmagan va (yoki) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab 1 yil ichida ustav fondi shakllantirilmaganda sudning qaroriga muvofiq tugatiladi.

Shuningdek, yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e'lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Amalda Kodeksda ushbu talab nazarda tutilmagan.

Ushbu qonun 2020 yil 1 yanvardan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid