«Haligacha O‘zLiDeP hukumatni shakllantirgan partiya deb yurishibdi» – huquqshunos
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi vakili Nuriddin Murodov O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning vakolat doirasi keng emasligini aytib, hamkasblarini xalqqa turli va'dalar beraverishdan tiyilishga chaqirdi.
«Ayrim nomzodlar vakolatiga kirmaydigan va'dalarniyam berib yuboryapti. Bu narsani ertaga bajara olmasligi, va'dasi quruq bo‘lib qolishi mumkin. O‘zi deputatning 3-4ta vakolati bor. Agar biz partiya oldiga qandaydir masalani qo‘yib, unga partiya orqali yechim topishni istasak, saylov tizimini o‘zgartirishimiz kerak. Partiyalar hukumatni shakllantirsa, qandaydir va'dani bera oladi. Hozir odamlar talab qilayotgan masalalar partiyalarning bevosita vakolatlariga kirmaydi.
Masalan, nomzodlarimiz bilan uchrashuvda saylovchilar ko‘proq ijtimoiy masalalarni ko‘tarishyapti. Bularni hal qilish qachon partiyaning vakolatiga kiradi? Qachonki u hukumatni shakllantirsa. O‘zbekistonda hukumatni shakllantiradigan partiya hali yo‘q. Hali bunday vakolat yo‘q. Ayrim partiyalargayam buni tushuntirolmadik. Haligacha mana O‘zLiDeP hukumatni shakllantirgan partiya deb yurishibdi. Konstitutsiyaning 98-moddasini o‘qib olinglar yaxshilab», – dedi u 19 dekabr kuni matbuot anjumanida.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Nuriddin Murodov Saylov kodeksining 25-moddasiga asosan saylov komissiyalariga qo‘yiladigan talablar borligi, biroq joylarda ushbu talablarga rioya qilinmayotgani haqida partiyaga ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganini ta'kidlagan.
«Mutasaddilardan iltimos qilamizki, nomzodlarning bevosita bo‘ysunuvidagi shaxslar joylarda saylov komissiyasi a'zosi bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasin. Mana shu qoida buzilayotgani haqida juda ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Bu narsa saylovlarning natijasiga bevosita ta'sir qiladi. Shu nuqtayi nazardan mahalliy hokimlik, kengashlar va mutasaddilarga mana shuni bildirib qo‘ymoqchiman. Bu masala bo‘yicha partiyamiz yana ogohlantirishlarini beradi», – dedi O‘zLiDeP vakili.
U joriy haftada saylovchilarni un va yog‘ bilan o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘lgani sabab, partiyaning Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzodi ma'muriy javobgarlikka tortilganiga ham munosabat bildirdi.
«Partiyamizdan qo‘yilgan nomzodning saylovoldi tashviqot qoidalarini buzganini tan oldik. Lekin bu jiddiy huquqbuzarlik emas. Nomzod bilan tushuntirish ishlarini olib boramiz va u saylovda ishtirok etadi.
Bunday holat boshqa partiyalarda ham kuzatildi. Lekin biz buni ko‘tarib chiqmadik. Hamma partiyalarda bor bu holat», – deya qayd etdi Murodov.
Eslatib o‘tamiz, liberal demokratlarning ushbu nomzodi avvalroq mulkni olib qo‘yish vakolati deputatlik kengashlariga berilishiga qarshilik bildirib, Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishida ro‘y bergan fojiadan so‘ng mutasaddilar buning uchun xalqdan uzr so‘rashi kerakligini aytib chiqqandi.
Mavzuga oid
17:49 / 03.11.2024
O‘zLiDeP fermerlar faoliyatiga noqonuniy aralashuvni qoralab, bayonot berdi
16:17 / 25.10.2024
Poytaxtda O‘zLiDePning ommaviy tadbiri bo‘lib o‘tdi
12:00 / 25.10.2024
Saylov yaqin, partiyalar nimalarni va’da qiladi? – Kun debati
11:30 / 19.10.2024