O‘zbekiston | 14:55 / 21.12.2019
4106
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi

Joriy yilning 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston Respublikasining bugungi kun ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun AQSh, Yevropa, Osiyo mintaqasi va MDHga a'zo 20 dan ziyod davlatdan kelgan 100 nafardan ortiq tahliliy tuzilmalar, ijtimoiy-siyosiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlariga yuqori baho berib, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bilan bog‘liq sa'y-harakatlar o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligini, xususan, uning jamiyat va davlat hayotidagi barcha sohalarni qamrab olganligini alohida e'tirof etishdi.

Rossiyaning Yevrosiyo tadqiqotlar markazi direktori A.Rusakov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy islohotlarni e'tirof etib, ular eng avvalo parlamentning hokimiyat tizimidagi o‘rnini mustahkamlashi va partiyalarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Ekspert fikricha, siyosiy institutlarning mavqeini oshirish bugun MDH hududidagi barcha davlatlar uchun dolzarbligiga qaramasdan, qabul qilinayotgan qarorlar va sa'y-harakatlar sezilarli natijalar ko‘rsatmayapti. Shu tufayli rossiyalik siyosatshunosning fikriga ko‘ra, bugun O‘zbekiston siyosiy islohotlarni amalga oshirishda o‘zining ijobiy tajribasiga asos solishga barcha imkoniyatlarga ega.

Belgiya parlamenti sobiq senatori A.Destekshe o‘tkazilayotgan saylov jarayonlariga yuqori baho berib, tubdan yangilanayotgan O‘zbekistonning quyidagi muhim jihatlariga alohida e'tibor qaratdi: 1) iqtisodiyotning liberallashtirilayotganligi va biznes doiralar uchun O‘zbekistonning jozibadorligining oshayotganligi; 2) mintaqada o‘zaro hurmat va tushunishga asoslangan yangi siyosiy muhitning shakllanishida asosiy yetakchi “markazga” aylanayotganligi; 3) dunyoning yetakchi davlatlari bilan munosabatda samarador tashqi siyosatni olib borayotganligi; 4) so‘z erkinligi va qonun ustuvorligida namoyon bo‘layotgan tamoman yangi siyosiy muhit shakllanganligi.

Hindiston xalqaro munosabatlar kengashi yetakchi ilmiy xodimi A.Zafarning ta'kidlashicha, bugun O‘zbekiston siyosiy tizimini demokratlashtirish jarayonlaridagi salmoqli o‘zgarishlar va amaliy natijalar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Qisqa fursatda mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qator yirik islohotlar amalga oshirildi. Bu ayniqsa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayotgan va siyosiy jarayonlarning kun tartibini belgilashda faol ishtirok etayotgan saylovchilarning kayfiyatida o‘zgacha sezilmoqda.

MDH Ijro qo‘mitasi axborot-tahlil departamenti direktori A.Zavarzin fikricha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalari Prezident Sh.Mirziyoyevning davlatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalari bo‘yicha chuqur bilim va yuksak malakaga ega ekanligidan dalolat beradi. O‘zbekiston xalqi va hukumati qisqa vaqt mobaynida bugun dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinayotgan haqiqiy demokratik yo‘lni bosib o‘tishdi.

 Tadbir davomida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan 2017-2019 yillarda inson fundamental huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari sharhi taqdimoti o‘tkazildi.

Mavzuga oid