O‘zbekiston | 16:00 / 22.12.2019
32454
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Viloyat hokimlari saylovda ovoz berishdi

Bugun, 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

Kun davomida respublika viloyatlari hokimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari hamda poytaxt Toshkent shahri hokimi saylov uchastkalariga borib, o‘zlari tanlagan nomzodlarga ovoz berishdi.

Viloyatlar rahbarlari orasida birinchi bo‘lib Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov o‘z oila a'zolari bilan saylov uchastkasiga bordi. U Samarqand shahridagi 140-saylov uchastkasiga borib, saylovda ishtirok etdi.

Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev Qarshi shahridagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov o‘tkazuvchi 125-Qarshi saylov okrugiga qarashli 806-saylov uchastkasida o‘z oila a'zolari bilan birga ovoz berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi

Viloyatning yangi rahbarini saylov uchastkasida harbiy orkestr kutib olgan.

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov Urganch shahridagi 28-saylov uchastkasida bo‘lib, ovoz berish jarayonini ochib berdi hamda saylovda qatnashdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Marg‘ilon shahridagi 32-umumta'lim maktabida joylashgan 630-saylov uchastkasida ovoz berdi.

Viloyat hokimi nuroniylar, ilk marta ovoz berayotgan yoshlar bilan bugun o‘tkazilayotgan saylovlar haqida suhbatlashgan.

«Saylovlarda odamlarimizning kayfiyati a'lo darajada. Hozirda viloyatimizda ko‘plab xalqaro tashkilot vakillari va kuzatuvchilar ish olib boryapti. O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida yangi saylovlarni qanday o‘tishini barcha qiziqish bilan qarab turibdi. Albatta bu jarayon viloyatimizda faollik va qonunchilik talablari asosida o‘tadi», deya uning so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov hamda viloyat sektor rahbarlari ham siyosiy jarayonda faol ishtirok etib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berdi.

Viloyat hokimi Karmana tumanidagi 21-umumta'lim maktabida joylashgan 62-saylov uchastkasidan ovoz berdi. 

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Rustam Xolmatov Oqqo‘rg‘on tumanidagi 530-saylov uchastkasidan qatnashib, o‘zi munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berdi.

Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham saylovda ishtirok etdi.

Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev Guliston shahridagi 18-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda ma'qul ko‘rgan nomzodiga ovoz berdi hamda barchani bugungi muhim kunda faol ishtirok etishga chorladi.

Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham oila-a'zolari bilan birga Termiz shahridagi 271-saylov uchastkasida bo‘lib, munosib nomzodlar uchun ovoz bergan.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov o‘zi istiqomat qilayotgan Paxtaobod tumani, Bo‘ston mahallasidagi 23-umumta'lim maktabida joylashgan 462-saylov uchastkasiga oila a'zolari bilan kelib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodlar uchun ovoz berdi.

«Yurtdoshlarimiz, andijonliklar saylovlarda faol ishtirok etayotganligidan xursandman. Bugun bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi hamda mahalliy kengashlarga saylovlar kelgusida mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyatimizda demokratik tamoyillarning yanada mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mamlakatimiz taqdiriga, porloq kelajagimizga befarq qaramaydigan har bir yurtdoshimiz saylovlarda faol qatnashib, eng munosib nomzodlar uchun ovoz berishi lozim», deydi viloyat hokimi.

Viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev viloyat markazidagi 50-saylov uchastkasiga borib, saylovda ishtirok etdi va o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Musa Yerniyazov Nukus shahridagi 42-saylov uchastkasida bo‘lib, munosib nomzodlarga ovoz berdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 697-saylov uchastkasida oila a'zolari bilan birga ovoz berdi.

Mavzuga oid