O‘zbekiston | 19:14 / 24.12.2019
6422
3 daqiqa o‘qiladi

Agrobank: Istiqbolli investitsion loyihalar faol moliyalashtirilmoqda

Joriy yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida «Agrobank» ATB tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarini jalb etish borasida olib borlayotgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida ta'kidlandiki, bugungi kunda bank tomonidan nafaqat aholi va mijozlarga tezkor, ishonchli, zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda, balki yirik tadbirkorlik sub'yektlarining istiqbolli, investitsion va eksportbop mahsulotlar tayyorlashga yo‘naltirilgan loyihalarini moliyalashtirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, bank tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarni jalb etish borasida 2019 yilning o‘tgan davrida respublikamiz hududlaridagi tadbirkorlik sub'yektlarining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 3,9 trillion so‘m miqdorida investitsiya mablag‘lari ajratilib, bugungi kunda investitsiya maqsadlari uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar qo‘yilmasining qoldig‘i 6,9 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.

Bank tomonidan 2019 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida yo‘naltirilgan 3,9 trillion so‘m miqdoridagi investitsiya mablag‘larining 48 foizi sanoatga, 14 foizi qishloq xo‘jaligiga, 5 foizi ijtimoiy ta'minot hamda iqtisodiyot tarmoqlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa sohalarga hamda 33 foizi qurilish, transport-kommunikatsiya tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga  yo‘naltirilgan. Bugungi kunda Agrobank tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va investitsiya mablag‘larini jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunda Agrobank 12 dan ortiq xorijiy banklar bilan vakillik aloqalari hamda 10 dan ziyod xalqaro moliya institutlari bilan kredit liniya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 

Xususan, bank tomonidan Germaniyaning «Kommersbank» (Commerz Bank AG), «Yunikredit bank» (UniCredit Bank AG), «DZ bank» (DZ Bank AG) va «Landesbank» (LandesBank Berlin AG) kabi banklari, Avstriyaning «Rayfayzen bank» (Raiffeisen Bank International), Janubiy Koreyaning «KEB Xana bank» (KEB Hana Bank) hamda Rossiyaning 4 ta – Sberbank, Aziya-invest bank, VTB bank, Promsvyazbank kabi yirik banklari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatilgan.

«Agrobank» ATB matbuot xizmati

Mavzuga oid