Sport | 18:55 / 24.12.2019
28220
2 daqiqa o‘qiladi

Yilning eng yaxshilari taqdirlandi, Shomurodov – yil futbolchisi

Toshkent shahridagi «Zarafshon» konsert zalida O‘FA yilning eng yaxshilarini aniqlash marosimini o‘tkazmoqda. Unda 2019 yilda mamlakatning eng yaxshi futbolchisi ham aniqlandi.

Futbolchilar, murabbiy va jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Eng yaxshi futbolchi bo‘lish uchun Shomurodovdan tashqari Odil Ahmedov va Jaloliddin Masharipov ham nomzod bo‘lishgandi.

Shomurodov o‘z faoliyatida ilk marta O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Hujumchi bungacha eng yaxshi bo‘lish uchun nomzodlar uchligiga ham kirmagandi.

Ayni damda Rossiya chempionati to‘purarlar poygasida 10ta gol bilan ikkinchi bo‘lib turgan Shomurodov Rossiyada yilning eng yaxshi futbolchisi so‘rovnomasida to‘rtinchi bo‘lgandi.

Marosimda yilning eng yaxshi murabbiyi nomi ham e'lon qilindi - ovoz berish natijalariga ko‘ra, «Bunyodkor» va O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiyi Vadim Abramov 2019 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Bu mukofotga «So‘g‘diyona» ustozi Ulug‘bek Baqoyev hamda «Nasaf» murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ham nomzodlik qilishgandi.

O‘zbekiston milliy jamoasi sardori, ayni vaqtda Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi a'zosi sanaladigan Odil Ahmedovga «Fidoyilik ramzi» maxsus mukofoti topshirildi.

Yakunlangan mavsumni «Bunyodkor» safida o‘tkazgan, keyingi yildan Italiyaning «Benevento» klubida o‘ynaydigan 17 yoshli Jasur Jaloliddinov esa 2019 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlandi.

Mavzuga oid