O‘zbekiston | 21:20 / 24.12.2019
22257
4 daqiqa o‘qiladi

Xorijlik kuzatuvchi saylovlarni bahorga ko‘chirishni taklif qildi

Mahmud ul Hasan

O‘zbekiston saylovlarni bahor fasliga ko‘chirish orqali saylovchilarning faolligini oshirishga erishishi mumkin, deya taklif bildirdi pokistonlik kuzatuvchi Mahmud ul Hasan.

Pokiston Markaziy banki ekspertining fikricha, partiyalardan tashqari mustaqil nomzodlarning ham deputatlik uchun kurashishiga imkon yaratilishi lozim.

«Men Xorazmning Urganch, Xiva shaharlari, Shovot tumanidagi 10dan ortiq saylov uchastkalarida bo‘ldim. U yerdagi mahalliy aholining saylovda ishtirok etishga bo‘lgan katta ishtiyoqiga guvoh bo‘ldim. Odamlar saylovda faolroq ishtirok etishlari uchun uni boshqa mavsumda, masalan bahor faslida o‘tkazilishini taklif qilgan bo‘lardim.

Yana bir taklif shundan iboratki, tadbirkorlar, texnokratlar – professor va ekspertlarning assotsiatsiyalari ham saylovda mustaqil ravishda saylanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim.

O‘zbekistondagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida ikkinchi marta ishtirok etishim. Bu safar bari o‘zgacha. Hamma narsa o‘zgargan», – dedi Mahmud ul Hasan Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Pokistonlik boshqa bir kuzatuvchi – Peshovar universiteti professori, doktor Shabir Ahmad Xon ham O‘zbekistondagi islohotlarni e'tirof etish barobarida, infratuzilmaga oid turli o‘zgarishlar bo‘lgani, metroning yangi yo‘nalishlari qurilayotganiga e'tibor qaratdi.

Shabir Ahmad Xon (o‘rtada)

«Saylovlar haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘rilgan tayyorgarlik va uning qanday o‘tkazilgani menda katta taassurot uyg‘otdi. Chunki O‘zbekiston siyosiy partiyalar o‘rtasida saylovoldi debatlarni o‘tkazish borasida xorijning demokratik, rivojlangan davlatlari tajribasini qo‘llayapti. Guvohi bo‘ldimki, aholining barcha yoshdagi qatlamlari saylovlarda katta ishtiyoq bilan ishtirok etishdi.

Men Toshkent shahrining Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi 7ta saylov uchastkalarida bo‘ldim. Saylovlar juda yaxshi tashkillashtirilgan va intizomli tarzda o‘tdi», – deydi professor Shabir Ahmad Xon.

24 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida saylovlarni kuzatishga kelgan xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda pokistonlik kuzatuvchilardan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Malayziya va Kuvayt vakillari ham qatnashdi.

Uchrashuv avvalida mehmonlarga parlament quyi palatasining faoliyati xususida batafsil ma'lumot berildi.

«Xabaringiz bor, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati mavjud. Qonunchilik faoliyati haqida so‘z ketganda shuni aytishim mumkinki, 2015-2016 yillarda bir yil davomida qabul qilingan, Senatga yuborilgan va prezident tomonidan imzolangan qonun hujjatlari soni 60ga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi yilda qonun hujjatlari soni 170-175tagacha yetdi. Qonun loyihalari soni deyarli 3 marta ortdi.

Deputatlarning qonun loyihalariga oid tashabbuslari borasida ham o‘sish kuzatildi. Uchinchi chaqiriqning ilk yillarida 7-8ta qonun loyihalari deputatlar tashabbusi bilan tayyorlangan. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 20tagacha yetdi», – dedi Qonunchilik palatasi administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Sobirjon Jabborov.

Sobirjon Jabborov

Uchrashuv doirasida xalqaro kuzatuvchilar Oliy Majlisning yalpi yig‘ilishlari zalini tomosha qilib, parlament muzeyi faoliyati bilan tanishdilar.

Mavzuga oid