Jamiyat | 11:34 / 30.12.2019
21925
9 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburg Migrantlarni vaqtincha saqlash markazidagilar qanday muammolarga duch kelmoqda?

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri migrantlarni vaqtincha saqlash markazidagi o‘zbekistonliklardan Kun.uz’ga murojaat kelib tushdi. Murojaatchilar o‘zlari duch kelgan muammolar haqida ma'lum qilib, foto va videomateriallar yuborishdi. Murojaat imloviy xatolar tuzatilgan holda taqdim etilmoqda.

«Krasnoye seloda (Sankt-Peterburg Migrantlarni vaqtincha saqlash markazi) 800ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ushlab turilibdi. Ovqati, yashash sharoiti juda yomon, hayvonlaram bunaqa sharoitda yashamaydi. Konsullik va Tashqi Mehnat Migratsiya agentligi umuman yordam bermayapti. TMMAning Sankt-Peterburgdagi vakili sizlarni qaytarishga O‘zbekistonning puli yo‘q, deb umuman yordam ko‘rsatmayapti.

3-4 oydan buyon o‘tirganlar bor, oxranniklar (qorovullar) xotin-qizlarimizga yaxshi sharoit evaziga ular bilan jinsiy aloqa qilishni bir necha bor taklif qilishdi. Ular biz bilan molga qilgandek munosabatda bo‘lmoqda. Iltimos, yordam berishingizni so‘raymiz, hech bo‘lmasa, xotin-qizlarimiz va qariyalarni bu yerdan olib ketishsin», deyiladi murojaatda.

Kun.uz masala yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘'mon Mansurovdan izoh so‘radi. Murojaatda ayni vakolatxonaga nisbatan ham keskin ayblovlar ilgari surilgan edi.

«Sankt-Peterburgda nima bo‘lgan edi? Bu savolga javob berishdan avval, raqamlarga e'tibor berishni so‘rar edim. Shuni ta'kidlashni istardimki, bu markaz eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Biz 2019 yil mobaynida 1800 nafarga yaqin o‘zbekistonlikni Krasnoye Selo markazidan olib chiqdik.

Endi shov-shuvli xabarlar yuzasidan rasman bayonot bersam. Vakolatxonaning Peterburgdagi vakili Zohidjon markazga bordi. Internetda tarqalgan iddaolar xususida u yerda saqlanayotganlar bilan uchrashdi.

Shu o‘rinda, markazda saqlanayotgan o‘zbeklarni videoga olgan fuqaro allaqachon O‘zbekistonda bo‘lib, yana bir e'tiborli tomoni, shov-shuvni ko‘targan ayni fuqaro jinoiy ish bo‘yicha o‘tirgan bo‘lgan. Boshqa fuqarolar bu videoyozuvlar e'lon qilinishini ham bilishmagan. Qolaversa, o‘sha videolavhadagilardan 3 nafari ham ayni vaqtda vatanga qaytgan», dedi agentlik vakili.

Mansurov migrantlarning vaqtincha saqlanish joyidagi fuqarolarning vatanga qaytish tartibini ham eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlar kamida 2 oy shu markazda saqlanadi. Buning sababi migrantni vataniga yuborish uchun sud qarori zarurligi, hujjatlarni rasmiylashtirish, chipta xarid qilish va boshqa jarayonlarga 2 oy yoki undan ko‘proq vaqt ketishidir. Bundan tashqari, Rossiya tomoni yangi yil arafasida chiptalar qimmatligi bois migrantlarni yubormaydi. Chunki, yangi yildan keyin bugungi kundagi bir chipta narxiga 3 kishini yuborish mumkin bo‘ladi.

«Shu bilan birga, Rossiya qonunchiligining biror joyida Migrantlarni vaqtincha saqlash markazlaridagi fuqarolar 10 kun ichida chiqarib yuborish shartligi xususida me'yor yo‘q, aksincha, sud qarorining ijrosini bajargan holda chiqarib yuborilishi qayd etilgan. Murojaatchilarning biri (ism-sharifi tahririyatda mavjud) 25 oktyabrdan buyon markazda saqlanmoqda. Biroq, negadir, u deportatsiya qilinishiga doir sud qaroriga ega emas.

Bunda yana bir narsa bor, sud qarori chiqqan taqdirda ham, sud qarorini tarjimonlar qachon o‘zbekchaga tarjima qilib, o‘sha fuqaroga berishi, bir nusxasi ijro etish uchun ijrochiga qachon tushishi va qachon chipta xarid qilinishi noma'lum va bizga bog‘liq emas. Shu bois, ular qancha videolavha e'lon qilmasin, biz hech narsa qila olmaymiz, chunki sud qarori yo‘q.

Ikkinchi murojaatchi (uning ism-sharifi ham tahririyatda mavjud) esa, 8 noyabrdan markazda saqlanmoqda. Unda ham sud qarori mavjud emas. Bundan tashqari, Rossiyada rasman dam olish kunlari boshlanmoqda, qishki ta'til kunlari 10 yanvarga qadar davom etadi. Bu yerda, hech kim rasmiy dam olish kunlarida 2 kishi uchun maxsus kuzatuv karvoni tashkil etmaydi», deya ta'kidladi Saidno‘'mon Mansurov.

U vazirlik huzuridagi maxsus jamg‘arma hisobidan o‘zbekistonliklarni vatanga yuborishda saralash o‘tkazilishi, bunda oilaviy sharoiti, moddiy imkoniyati bor-yo‘qligi inobatga olinishi va ustuvorlik kasb etishini bildirdi.

U shuningdek, murojaatda bildirilgan 800 kishi saqlanayotgani haqidagi xabarni ham inkor etib, 336 o‘ringa mo‘ljallangan markazda bugungi kungacha, ya'ni yangi yil arafasida migrantlarni vatanga yuborish amaliyoti boshlangunga qadar 320 kishi saqlanganiga doir raqamlarni ma'lum qildi. Shundan 180 nafarga yaqini o‘zbekistonlik bo‘lgan.

«Bugun (Telegram orqali suhbat 2019 yil 28 dekabrda bo‘lib o‘tdi) 12 kishi Urganchga uchadi. Dushanba kuni (30 dekabr) yana 15 kishi O‘zbekistonga qaytmoqda», deydi u.

Shu o‘rinda, murojaatda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasiga doir fikrlar bo‘lgani bois, quyida jamg‘armaning asosiy vazifalari yana bir bor e'tiboringizga havola etiladi.

Quyidagi xarajatlarni moliyalashtirish jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilangan:

·       xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlik, majburiy mehnat va kamsitishdan jabrlangan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, og‘ir moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, tirikchilik uchun mablag‘siz qolgan fuqarolarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish;

·       mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda jarohatlanish, baxsiz hodisa sababli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab etilgan fuqarolarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar haqini mehnat migranti hisobidan to‘lash imkoniyati bo‘lmagan hollarda to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar tomonidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan tibbiy xizmat ko‘rsatish;

·       ishga joylashgan davlatning tegishli muassasalari tomonidan tasdiqlangan hollarda respublikadan tashqarida mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini, shuningdek, xorijdagi mehnat faoliyati vaqtida mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib kelgan shikastlanish yoki jiddiy jarohatlangan fuqarolarni olib kelish;

·       mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga tashkillashtirilgan tarzda ilgari yuborilgan va ishga joylashgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzish oqibatida ushbu mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) fuqarolarni, to‘langan mablag‘lar ushbu fuqarolar hisobidan keyinchalik qoplab berilishi sharti bilan, shuningdek, kelishilgan mehnat sharoitlari chet ellik ish beruvchilar tomonidan ta'minlab berilmagan fuqarolarni qaytarish;

·       respublika hududlarida xorijga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldingi moslashtirish, kasbiy tayyorlash, xorijiy tillarga o‘qitish va bilim darajasi yuzasidan test sinovlari o‘tkazish, fuqarolarning kasbiy malakasini tasdiqlash markazlarini tashkil etish hamda jihozlash;

·       xorijda Agentlikning vakolatxonalarini tashkil etish va jihozlash;

·       norasmiy mehnat migratsiyasining oldini olishga qaratilgan, fuqarolarni xorijda ishga tashkillashtirilgan tarzda joylashtirish tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha axborot-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish.

https://www.lex.uz/acs/3811317

P.S.: Krasnoye selo markazida saqlanayotgan ayollar soniga doir ma'lumotlarni olish imkoni bo‘lmadi. Vakolatxona rahbari bilan suhbat dam olish kuni bo‘lib o‘tgan edi.

Mavzuga oid