Jamiyat | 13:00 / 02.01.2020
20749
10 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz Xorazmda – 2019 yil sarhisobi

2019 yil yakunlandi. Demak, bajarilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qandaydir baho berish, sarhisob qilish, kelgusi rejalarni belgilab olish payti yetib keldi.

Kun.uz tahririyati yil davomida Xorazm viloyatidagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni kuzatib bordi. Muhim tadbirlarda ishtirok etdi. Aholining, tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rgandi.

Tahririyatning Xorazm viloyati bo‘yicha yoritgan eng muhim voqeasi shubhasiz, uy-joyi buzilgan odamlar bilan bog‘liq mojaro bo‘ldi. Iyul oyida Urganch shahri, Ashxobod ko‘chasidagi uylari buzilgan, kompensatsiya puli berilmasdan Xonqa tumanidagi Chondirqiyot qishlog‘iga ko‘chirib yuborilgan aholi norozilik tariqasida Urganch-Xonqa yo‘lini to‘sib qo‘yishgan edi. Bu mojaro jamiyatda juda katta aks sado berdi. Muammoga hukumat darajasida e'tibor qaratilganidan so‘ng, uyi buzilgan odamlarga kompensatsiya pullari tarqatildi. Keyinchalik, uy-joylarning buzilishi bilan bog‘liq jarayonlar yangi nizom bilan qattiq nazorat ostiga qo‘yildi. Ayni paytda Chondirqiyot qishlog‘ida juda katta ko‘lamdagi qurilish ishlari yakunlanmoqda. Odamlar uy-joylarini tiklab olishyapti, ijtimoiy soha obektlari qurilmoqda. Umid qilamizki, bu oilalarning hayoti yana o‘z iziga tushib ketadi va hammasi yaxshi bo‘ladi.

Kun.uz birinchi galda ijtimoiy muammolarga katta ahamiyat beradi. Ular ko‘plab odamlarning hayotiga, turmushiga aloqadorligi tufayli biz uchun dolzarbdir. Yil davomida Xorazmning turli qishloqlarida, mahallalarida bo‘ldik, ijtimoiy muammolarni o‘rgandik. Ularning aksariyati yo‘llarning yomonligi bilan bog‘liq edi. Urganch tumanidagi «Hayot yo‘q mahalla!», Urganch shahridagi «loyga botib qolgan» mahalla, Qo‘shko‘pir tumanidagi yo‘llari obod bo‘lmagan mahalla, Bog‘ot tumanidagi «Ma'naviyat» mahallasini obod qilish bo‘yicha chala qolgan ishlar, Urganch tumanidagi chang-to‘zon ostida qolgan, hatto tanovvul qiladigan ovqatiga ham chang o‘tirayotgan odamlar, Shovot tumanidagi rasvo yo‘llar, Pitnak qishlog‘idagi chang-to‘zonda qolgan mahallalar haqidagi tanqidiy maqolalar shular jumlasidandir. Kommunal xizmatlar bilan bog‘liq bo‘lgan juda dolzarb masalalar ham e'tibordan chetda qolmadi. Maishiy sharoitlarning og‘irligidan qiynalib qolgan hazoraspliklar, «Obod qishloq» dasturi doirasida bajarilgan ishlardan qoniqmayotgan xonqaliklarning ijtimoiy muammolari haqidagi maqolalarda bu muammolarni yoritganmiz. Qayd qilish joizki, tanqidiy maqolalarning aksariyati mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar e'tiboriga tushdi, muammolar to‘liq yoki qisman bartaraf qilindi, odamlarning og‘iri yengillashdi. Ba'zi muammolarning 2020 yilda hal qilinishiga va'da berildi. Biz albatta vaziyatni kuzatib boramiz.

Xorazm viloyati ariqlar, zaxkashlar va kanallarga boy hudud hisoblanadi. Bu yerda 3 mingdan ortiq katta va kichik ko‘priklar mavjud. Ularning aksariyati jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirgan, ta'mirtalab bo‘lib qolgan. Jamiyat va iqtisodiyot uchun muhim bo‘lgan bu muammolarni ham o‘rgandik. Avariya holatiga kelib qolgan bir necha ko‘priklarga, shu jumladan, Xonqa tumanidagi avariya holatiga kelgan ko‘prikka ommaning e'tiborini jalb qildik. Yil davomida ba'zi ko‘priklar ta'mirlandi, boshqalari turli dasturlarga kiritilib, 2020 yilda ta'mirlab berilishi va'da qilindi.

Tadbirkorlik – O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim omillardan biri. Tadbirkorlar boy bo‘lsa – yurt farovon bo‘ladi. Biz tadbirkorlarning muammolariga jiddiy e'tibor qaratamiz, ularning faoliyati, manfaati, huquqlari so‘zda emas, amalda ham himoya qilinishi tarafdorimiz. Afsuski, har doim ham shunday emas. Yerlari tortib olinib, 50 bosh qoramoli bilan yersiz qolgan qo‘shko‘pirlik chorvador-fermer muammosi, Xiva buyum bozoridagi tadbirkorlar va Xiva shahar hokimligi o‘rtasidagi mojaro, Urganch dehqon bozorida yong‘indan zarar ko‘rgan tadbirkorlarning murojaati, yeri boshqa shaxsga noqonuniy berib yuborilgan xivalik fermer muammosi, tanlovda yutib chiqqan bo‘lsa-da, hokimlikdan yer ololmayotgan xonqalik fermer, mansabdor shaxsning firibgarligi tufayli katta miqdordagi mablag‘ga chuv tushgan tadbirkorlar, ikki fuqaroga bir joydan yer berilishi va bu bilan bog‘liq ko‘p yillik mojaro kabi maqolalarda tadbirkorlarning muammolarini, tashvishli holatlarni yoritdik. Ularning ba'zilari o‘z yechimini topmadi, boshqalari bo‘yicha sudlar davom etmoqda.

Oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirish va test jarayonida ham ishtirok etdik. Urganch Davlat Universitetidagi qabul jarayoni, undagi sharoitlar, muammolar va qulayliklar haqida fotoreportaj qildik. Va albatta test topshirish jarayonini ham kuzatib, o‘quvchilarimizga axborot berdik.

Yil davomida bizni taajjubga solgan murojaatlar ham bo‘ldi. Fuqarolar tomonidan o‘z manfaatini har narsadan ustun qo‘yib, hech kimni va hech narsani mensimasligi holatlariga duch keldik. O‘rganish jarayonida beixtiyor «Odamlarga nima bo‘lyapti? Insoniylik, odamgarchilik qayerda qoldi?» degan savollar hayolga keldi. Yangiariq tumanida piyodalar yo‘lkasi fermer tomonidan buzib tashlangani, natijada bolalar yo‘lning xavfli serqatnov qismidan maktabga borayotgani, Urganch shahridagi sifatsiz qurilgan, yashash uchun xavfli bo‘lgan ko‘pqavatli uylar mojarosi, Urganch tumani aholisining yo‘l noqonuniy yopib qo‘yilganidan aziyat chekayotgani, Urganch shahrida aholi qabriston va qurilish obekti orasida qolib ketgani, Yangibozor tumanida g‘isht zavodlarining zararli ta'siri odamlarni qiynab qo‘ygani, Urganch tumanidagi bolalar bog‘chasining bir qismida sauna qurilayotgani, hazorasplik ayol otameros yer masalasida sarson bo‘layotgani haqidagi murojaatlar asosida tayyorlangan maqolalar shular haqidadir.

Ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lgan, dolzarb va xavotirli murojaatlar ham bo‘ldi. Xususan, Shovot tumanida «ko‘rinmas ofat» - termitlardan aziyat chekayotgan mahalla muammosi, Urganch tumanida tomorqalarini zax bosib, dehqonchilik qilolmayotgan aholining murojaati, shuningdek, Urganch Markaziy dehqon bozori oldidagi juda katta tirbandliklar masalalarini shular qatoriga qo‘shamiz. Qayd qilish joizki, bu muammolar hanuzgacha o‘z yechimini topmagan.

Yil davomida xususiy bandlik agentliklari, moliyaviy piramidalar yoki shunga o‘xshash, odamlarni ommaviy chuv tushirish holatlari bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqib ketdi. «Human xususiy bandlik agentligi»ga ishonib, pullaridan ayrilgan xorazmliklar, quruvchi tashkilotga aldanib, pulsiz va uysiz qolgan hazoraspliklar muammolari haqidagi maqolalarda bu haqda yozganmiz. Ayni paytda har ikkala holat bo‘yicha sud mahkamalari davom etmoqda. Bunday noxush voqealar takrorlanmasligi uchun odamlarni hushyorlikka, e'tiborli bo‘lishga chaqirib qolamiz.

Yilning muhim siyosiy voqealaridan biri – saylovlar ham tahririyat e'tiboridan chetda qolmadi. Xorazmda bu jarayonning qanday o‘tganini kuzatdik, tariximizda ilk marotaba OAV sifatida ovozlarni sanash jarayonida bevosita ishtirok etdik. Bundan tashqari, Shovot tumanida saylov jarayonidagi qonunbuzarliklar, Urganch tumanidagi saylov uchastkasida ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi murojaatlarni o‘rgandik, surishtiruv o‘tkazdik. Aytish o‘rinli, hozircha huquq-tartibot idoralari bu maqolalarga o‘z munosabatini bildirmadi.

Xorazm viloyatida mahalliy hokimlikning xalq bilan qanday muloqot qilishi ham diqqat e'tiborimizda bo‘ldi. Xususan, viloyat hokimining Bog‘ot tumanidagi, Gurlan tumanining chekka qishlog‘idagi sayyor qabulida ishtirok etdik. Shuningdek, Xonqa tumanida o‘zgacha shaklda shaxsiy sayyor qabulini o‘tkazganiga guvoh bo‘ldik. Aholining murojaatlari, ularga bo‘lgan munosabat, muammolarni yechish mexanizmlarini kuzatdik. Bu haqda baholi qudrat xulosalarimizni berdik.

Kun.uz Xorazm viloyatida o‘tkazilgan muhim tadbirlarda ham ishtirok etdi. Urganch va Xiva shaharlarida «Xalqaro investitsiya forumi va Xorazm viloyati ishlab chiqaruvchilarining milliy ko‘rgazmasi» bo‘ldi. «Fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» mavzusida «Central Asia – 2019» xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.

Bundan tashqari, turli ko‘ngilochar, qiziqarli tadbirlar, xususan, Xivadagi «Baliq taomlari festivali», «Qovun sayli», Urganchdagi «Hosil bayrami»dan fotoreportajlarni o‘quvchilarimizga taqdim qildik.

Biz xolis axborot yetkazish tamoyillari va jurnalistikaning yuqori standartlaridan og‘ishmagan holda, Xorazm viloyatidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni kuzatishda, yoritishda davom etamiz. Aholining, tadbirkorlarning murojaatlarini baholi qudrat o‘rganamiz, ularning yechim topishiga ko‘maklashamiz. 2020 yilda ham Kun.uz bilan birga bo‘ling.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid