O‘zbekiston | 21:20 / 08.01.2020
73426
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi mojaro ishtirokchilarini bosiqlikka chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi.

«O‘zbekistonda Markaziy Osiyoga bevosita tutash Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar alohida tashvish bilan qarshi olinmoqda.

Harbiy-siyosiy holatning yanada keskinlashishi ko‘plab insonlar qurbon bo‘lishiga va keng ko‘lamli gumanitar falokatga olib kelishi mumkin, hayotiy muhim iqtisodiy aloqalar va kommunikatsiya yo‘llarini vayron qiladi, mintaqaviy va global xavfsizlikka tuzatib bo‘lmas zarar yetkazadi.

O‘zbekiston tomoni o‘ta bosiqlik tarafdori bo‘lib, taranglikni kamaytirish va mintaqadagi vaziyatni mo‘'tadillashtirish uchun qarama qarshi tomonlarni siyosiy-diplomatik choralar ko‘rishga chaqiradi», deyiladi vazirlikning O‘zAda e'lon qilingan bayonotida.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 3 yanvar kuni Bag‘dodda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh harbiylari tomonidan o‘ldirilgach keskinlashdi.

8 yanvarga o‘tar kechasi Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish boshlangani haqida e'lon qilib, AQShning Iroqdagi ikkita bazasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Eron AQSh harbiy bazalariga uyushtirilgan hujumni «munosib javob» va «o‘z-o‘zini mudofaa qilish» deb atadi. 

Mavzuga oid