O‘zbekiston | 13:16 / 10.01.2020
6905
4 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yurituvini yozib olishga ruxsat berildi

Foto: advgazeta.ru

MJTKda ishlarni shakllantirish va sud majlislarini audio-, videoyozuvlarga jamlash tartibi ko‘rsatildi, deb yozmoqda Norma.
 
Ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yoki ishni ko‘rib chiqish jarayonida organ (mansabdor shaxs) tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qog‘ozda rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida shakllantiriladi.
 
Ishlar elektron shaklda shakllantirilishi mumkin (qog‘oz ko‘rinishidagi nusxalari bo‘lishi mumkin). Mazkur holatda ishda ishtirok etuvchi shaxslar organga (mansabdor shaxsga) o‘zining ERI bilan tasdiqlangan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishga haqli, organ (mansabdor shaxs) tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishincha organning majlisida raislik qiluvchining va kotibning yoki ishni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxsning ERI bilan tasdiqlanadi. 
 
Shunga qaramay, ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lganda yoki boshqa zarur hollarda ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) talabi bilan hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi. Ishlar elektron shaklda shakllantirilganda, sudga taqdim etilgan hujjatlar ishga elektron shaklda qo‘shib qo‘yiladi va egalariga qaytariladi.
 
Ishlarni elektron shaklda bir organdan boshqa organga topshirish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Uning yordamida elektron hujjat ko‘rinishidagi ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha qarorlar chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin.
 
Sudning tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etayotgan shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisi audio- yoki videoyozuvga yozib borilishi mumkin. Sud majlisining bayonnomasida tushuntirishlar, iltimosnomalar va ularni ko‘rib chiqish natijalari, shuningdek qabul qilingan qaror e'lon qilinishi hamda uning ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari aks ettirilmaydi. Bularning o‘rniga guvohlar tushuntirishlarining, ko‘rsatuvlarining, ekspertlar o‘z xulosalari yuzasidan bergan og‘zaki tushuntirishlarining, muzokaralarning hamda prokuror fikrlarining boshlangan va tugagan vaqti ko‘rsatiladi, shuningdek sud majlisini yozib olishning texnik vositalaridan foydalanilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yiladi. Elektron yoxud boshqa audio- yoki videoyozuvlar jamlangan vositalar bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.
 
Sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan taqdirda, bayonnomada qo‘shimcha ravishda quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

sud majlisi videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi;

sud majlisini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudning nomi haqidagi;

ishda ishtirok etuvchi shaxslar va sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudga kelgan sud protsessining boshqa ishtirokchilari to‘g‘risidagi;

sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sudning va ishni ko‘rib chiqayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha xodimlari haqidagi ma'lumotlar.

Mavzuga oid