O‘zbekiston | 10:51 / 10.01.2020
16107
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda fosforli organik mineral o‘g‘itlar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti fosforli o‘g‘itlar laboratoriyasi mudiri, akademik Shafoat Namozov boshchiligida Markaziy Qizilqum nokonditsion fosforitlari, chorvachilik va parrandachilik chiqindilari asosida tuproq unumdorligini oshirishda va o‘simliklardan yuqori va sifatli hosil olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan organik mineral o‘g‘itlar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqildi.

O‘zbekistonda chorvachilik qishloq xo‘jaligining yetakchi sohalaridan biri. Bugungi kunda O‘zbekistonda qoramolning umumiy soni 12,7 mln., parrandalar esa 75 mln. taga yetdi. Bir kunda hosil bo‘ladigan qoramol va parranda go‘ngi jonivor og‘irligiga nisbatan 6-8 foizni tashkil etadi. Umumiy holatda har sutkada 110 ming tonna qoramol va parranda go‘ngi hosil bo‘ladi. Bir yilda umumiy hajmi 40 mln. tonnani tashkil etadi.

FA xabariga ko‘ra, Qizilqum fosforit kombinatida hozirgi kunda fosforitlarni boyitish jarayonida ajralib chiqayotgan 15 mln. tonnadan ortiq sanoatda ishlatilmayotgan past navli fosforitlar to‘plangan. Fosforli o‘g‘itlarning tanqisligi sharoitida bunday xom-ashyodan qishloq xo‘jaligida foydalanish muhim hisoblanadi. Go‘ng bilan fosforit asosida organik mineral o‘g‘it olish jarayonida go‘ng tarkibidagi organik kislotalar ta'sirida fosforit tarkibidagi fosfatlar eruvchanligi ortib o‘simlik o‘zlashtira oladigan shaklga o‘tadi. Ushbu usulda o‘g‘it olinganda faqatgina go‘ngning o‘zidan o‘g‘it olishga nisbatan fiziologik faol moddalar – gumin kislotalar, fulvokislotalar va suvda eruvchan organik moddalar miqdori ortadi, azotli va organik birikmalarning yo‘qolishi esa kamayadi.

Texnologiya organik mineral o‘g‘it olishga mo‘ljallangan.

Mavzuga oid