Jahon | 16:45 / 11.01.2020
38642
3 daqiqa o‘qiladi

Haysam bin Toriq Ummonning yangi sultoni bo‘ldi

Mamlakatni 50 yil boshqargan Qobus bin Said vafotidan keyin, ilgari meros va madaniyat vaziri bo‘lib ishlagan 65 yoshli Haysam bin Toriq Ol Said Ummonning yangi sultoniga aylandi.

Haysam bin Toriq/Foto: Reuters

Madaniyat vaziri, 65 yoshli Haysam bin Toriq Ol Said 10 yanvar, juma kuni, 79 yoshida vafot etgan sulton Qobus bin Said Ol Saidning o‘limidan keyin Ummon rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Al Jazeera va Alwatan xabar bermoqda.

U sulton Qobusning o‘limi e'lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach, shanba kuni hukmron kengash oldida qasamyod qabul qildi. «Haysam bin Toriq Qobuslar oilasi bilan uchrashgandan keyin yangi rahbarga aylandi, oila sulton tomonidan tanlangan kishini tayinlashga qaror qildi», - deyiladi hukumat xabarida.

Aniqlik kiritilishicha, qasamyod qabul qilgan Haysam bin Toriq Ol Said marhum sulton Qobus bin Said Ol Saidning amakivachchasi sanaladi. Ummon konstitutsiyasiga binoan qirollik oilasi taxt bo‘shaganidan keyin uch kun ichida sultonga voris tayinlashi kerak. Ummon sultoni oila a'zosi va musulmon bo‘lishi kerak. Qobusning farzandlari va taxtga to‘g‘ridan-to‘g‘ri merosxo‘rlari bo‘lmaganligi sababli, o‘zi vafot etgan taqdirda Toriq mamlakat rahbari etib tayinlanishi lozimligi to‘g‘risida xat yozib qoldirgan.

Arab News ma'lumotiga ko‘ra, Ummonning yangi sultoni Toriq 1954 yilda tug‘ilgan, 1979 yilda Oksford universitetini tamomlagan, 80-yillarning boshida mamlakat futbol federatsiyasining birinchi rahbari bo‘lgan, tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, keyinchalik meros va madaniyat vaziri sifatida ishlagan. Toriq Ol Said tez-tez diplomatik vazifalarni bajarib, Ummon nomidan chet elga borgan va chet el siyosatchilarining mamlakatga tashrif vaqtida, masalan, shahzoda Charlz va uning rafiqasi Kamillaning 2016 yilda Ummonga kelganida ishtirok etgan.

Ummon sultoni Qobus saraton kasalligiga qarshi bir necha yillik kurashdan so‘ng 10 yanvar kuni kechqurun 79 yoshida vafot etdi. Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilindi. Sulton 1970 yilda, 29 yoshida taxtga o‘tirgan va Ummonni 50 yil boshqargan. 

Mavzuga oid