Jahon | 19:58 / 17.01.2020
60387
7 daqiqa o‘qiladi

«Qat'iyatli va qattiqqo‘l»: Mixail Mishustin haqida nimalar ma'lum?

15 yanvar kuni Dmitriy Medvedev Rossiya hukumatining to‘liq tarkibda iste'foga ketishini ma'lum qilgach, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal soliq xizmati (FSX) rahbari Mixail Mishustin nomzodini bosh vazir lavozimiga taklif qildi. 16 yanvar kuni Davlat dumasi deputatlari uning nomzodini bir ovozdan ma'qulladi va shundan keyin Putin uni bosh vazir etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi.

Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA

Ko‘pchilik yuqori doiradagi shaxslar «qattiqqo‘l» deb ta'riflaydigan Mixail Mishustin haqida nimalar ma'lum?

Mansab pillapoyalari uzra

Mishustin 53 yoshda bo‘lib, Moskvada tug‘ilgan. Otasi Vladimir Mishustin rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, «Aeroflot»da va Sheremetevo xavfsizlik xizmatida ishlagan. Onasi esa tibbiyot tizimida faoliyat yuritgan.

Mishustin Moskva stanok institutini «avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlari» ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Iqtisod fanlari doktori.

O‘tgan asrning 90-yillarida u Xalqaro kompyuter klubi sinov laboratoriyasining direktori, keyin esa klub bosh direktori o‘rinbosari va boshqaruvi raisi bo‘lgan.

Mishustin 1998 yil avgustda davlat idoralaridagi faoliyatini boshladi. U davlat soliq xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘ldi. 2004-2006 yillarda Ko‘chmas mulk obektlari kadastri federal agentligini boshqardi, 2007-2008 yillarda esa Alohida iqtisodiy zonalarni boshqarish bo‘yicha federal agentlikka rahbarlik qildi.

2008 yil martda Mishustin biznesga o‘tdi va aktivlar hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni boshqarish bilan shug‘ullanadigan UFG kompaniyalar guruhi prezidenti bo‘ldi.

Mishustin 2010 yil aprelda Federal soliq xizmati rahbari etib tayinlandi, uni bu lavozimga o‘sha paytda bosh vazir bo‘lgan Putin qo‘ygandi. 

Forbes suhbatlashgan sobiq amaldorlardan birining aytishicha, uning bu lavozimga tayinlanishi oson bo‘lmagan. «Boshqa nomzodlar ham bor edi», — deydi u. Gap sobiq mudofaa vaziri, Mishustindan avval soliq xizmatini boshqargan Anatoliy Serdyukov bilan bo‘lgan qarama-qarshilik to‘g‘risida bormoqda. Serdyukov 2007 yil fevralda mudofaa vaziri bo‘lgan, ammo amalda yana bir necha yil soliq xizmatini idora qilib kelgan, deb yozadi «Vedomosti». Gazetaning yozishicha, Serdyukov «bu yerda qolgan o‘z jamoasi a'zolariga ko‘rsatmalar berib kelgan». 

«Qat'iyatli va qattiqqo‘l»

«Qat'iyatli va qattiqqo‘l erkak, kerak paytida qattiqqo‘l. U o‘z prinsiplarini himoya qila oladi», — deydi uning sobiq hamkasblaridan biri.

Mishustinning qattiqqo‘lligini yana bir sobiq federal amaldor tasdiqlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Mishustin tog‘ni o‘rnidan siljita oladi».  

«10-15 yil avval tadbirkorlar soliqchilardan zada bo‘lib ketishganini aytishardi. Hozir esa ular bilan soliqchilar o‘rtasida hech qanday muammo yo‘q. Mishustin bu xizmatni shunday yo‘lga qo‘ydiki, u G‘arbga o‘rgangani bormaydi, balki undan o‘rgangani kelishadi. Soliq xizmati – misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatli loyiha», deb qo‘shib qo‘yadi u.

Soliq xizmatini «gullatgan» rahbar

Mishustin 2010 yilda FSX rahbari etib tayinlangach, tadbirkorlar biznesdan chiqqan Mishustin bu xizmatni tadbirkorlarga nisbatan «do‘st» bo‘lgan xizmatga aylantirishiga umid bildirishgandi. Mishustin biznes va fuqarolarning soliq organlari bilan munosabatini soddalashtirishni qo‘llab-quvvatladi. Odamlarga qulay bo‘lishi va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida u soliq xizmatida elektron servislarni maksimal darajada rivojlantirishini ma'lum qildi.

U bu lavozimga kelgan kunidanoq «iflos ma'lumotlar»ga qarshi kurash e'lon qildi.

Mishustin rahbarligi vaqtida FSXda soliq xizmati islohoti o‘tkazildi: barcha soliq xizmatlari funksiyalarini birlashtirgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etildi.

U shuningdek, kassa apparatlari islohotini o‘tkazdi hamda joylardagi soliq tekshiruvlarini 34,4 foizga kamaytirdi — ming nafar soliq to‘lovchidan faqat ikkitasi tekshiriladi, kichik biznesda esa 5 ming tadbirkordan bittasi tekshiriladi.

2019 yil aprelda Soliq ma'murchiligi bo‘yicha forumda (FTA) ishtirok etgan FTA va Norvegiya soliq xizmati rahbari Xans Xristian Xolte Rossiya soliq xizmati ushbu sohani raqamlashtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaganini ma'lum qildi.

Daromadi va hobbisi

OAVning yozishicha, Mishustin 2018 yilda 19 mln, turmush o‘rtog‘i Vladlena Mishustina 48 mln rubl daromad topgan. Uning rafiqasi 2016 yilda Forbes jurnalining rossiyalik amaldorlarning eng boy turmush o‘rtoqlari reytingida 160,1 mln rubl bilan 9-o‘rinni egallagan.

Mixail Mishustin sportga qiziqadi, Tungi hokkey ligasida shayba suradi. 2019 yilda uning jamoasi Gagarin Kubogini qo‘lga kiritgan. Mishustin TsSKA xokkey klubi kuzatuv kengashi tarkibiga kiradi.

Lapar (chastushka) va epigrammalar yozib turadi, royal chaladi. Grigoriy Leps ijrosidagi «Haqiqiy ayol» va «Kul» qo‘shiqlari musiqasi muallifi hisoblanadi.

Mishustin haqida kim qanday fikrda?

Nikita Krichevskiy, iqtisodchi: «Mishustin – mamlakatning har bir burchagidagi vaziyatni ipidan-ignasigacha biladigan inson. Yangi vazirlar mahkamasi bugungi kun talab qilayotgan tarzda shakllantirilishiga ishonchim komil. Ammo menimcha, ko‘plab hozirgi davlat xizmatchilari Rossiyadan ketishi mumkin, chunki hukumat tepasiga ularning barcha «erkaliklari» to‘g‘risida biladigan inson keldi».

Aleksey Repik, «R-Farm» AJ direktorlar kengashi raisi: «Mishustin texnokrat (bilimli va yuqori malakali), juda aqlli, o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashadi. Uning uchun adolat o‘ta muhim. U boshqalarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lmaydi».

Anatoliy Aksakov, Davlat dumasining moliyaviy bozor bo‘yicha qo‘mitasi raisi: «Mixail Mishustin — juda sermahsul, professional, so‘zining ustidan chiqadigan inson. U dunyodagi eng yaxshi soliq tizimlaridan birini yaratdi.

U vazifalarni bajarishda o‘ziga ham, qo‘l ostidagilarga ham qat'iy. Bu inson hukumatda jamoa shakllantira oladi va milliy loyihalarni bajarishning uddasidan chiqadi».

David Yakobashvili, «Vimm-Bill-Dann» asoschisi: «U — intiluvchan va har qanday vazifani bajarishga qodir aqlli inson».

Vadim Zaripov, «Pepelyayev Grupp» tahliliy xizmati rahbari: «Mishustin tajribali va qattiqqo‘l boshqaruvchi, shu bilan birga professionallar va matbuot bilan muloqot uchun hamisha ochiq. U qo‘l ostidagilarga bajarish qiyin bo‘lgan vazifalarni qo‘yib, kelajakni yaratadi».

Mavzuga oid