O‘zbekiston | 12:50 / 20.01.2020
33449
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident faol deputatlarni namuna qilib ko‘rsatdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev faol deputatlar haqida fikr bildirib, ularni qolganlarga namuna qildi. 

«Muammoli vaziyatlarda deputatlar bir chekkada, tomoshabin bo‘lib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Axir, fuqarolar o‘z vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatini himoya qilish uchun saylaydi-ku?

El-yurtimiz deputat timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan, kurashchi, xalq dardini qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan o‘z himoyachisi, o‘z vakilini ko‘rishni istaydi.

Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga juda ma'qul bo‘lmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident deputatlardan o‘rnidan turishni so‘radi va deputat Rasul Kusherbayevning faoliyatini alohida e'tirof etdi.

«Ayniqsa, Rasul to‘g‘risida ko‘p gaplar bo‘ladi, hammagayam yoqmaysan, menga yoqasan. Nimaga? Gap savol berishda emas, gap muhokama qilishda emas.

Nima uchun ularni nomma-nom aytyapman. Kim kelsa nega muxolifat yo‘q deydi.

Avvalam aytganman, menga xalqim ishonch bildirsa, men hech qachon tashqaridan oppozitsiyani qo‘ymayman. Biz ichkaridan tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘zimizning milliy urf-odatlarimiz, xalqimiz manfaati bilan tayyor bo‘lishimiz kerak. U oppozitsiya emas, millatparvarlik, vatanparvarlik timsoli. 

Shuning uchun sizlarga tashakkur! Sog‘ bo‘linglar.

Birinchi qadam bilan, biz yaxshilarimizga mana shunday ehtirom ko‘rsatsak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid