O‘zbekiston | 20:47 / 22.01.2020
9512
3 daqiqa o‘qiladi

Ilk bor yapon tilidagi huquqshunoslik darsligi o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Bundan birmuncha vaqt muqaddam Toshkent davlat yuridik universiteti va Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘qituvchilari yapon tilida yozilgan huquqshunoslikka oid kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni boshlashgan edi.

O‘zbekiston tomonidan TDYuUning Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Ahadjon Hakimov, Yaponiya tomonidan esa Nagoya iqtisodiyot universitetining o‘zbekistonlik professori Alisher Umirdinov boshchilik qilayotgan ushbu loyiha 10dan ortiq huquqshunoslikka oid muhim adabiyotlarni qamrab olgan.

Tarjima uchun nemis, fransuz yoki ingliz tilidagi kitoblar emas, aynan yapon tilidagi kitoblarning tanlangani ham bejiz emas. Osiyo davlatlari orasida eng rivojlangan davlat sifatida e'tirof etiladigan kunchiqar yurt – Yaponiya chet el huquqi va o‘z odatlarini omuxtalashtirgan holda ajoyib huquq tizim mo‘jizasini butun dunyoga namoyon etdi. Hozirda Yaponiya huquq tizimi va ushbu sohadagi ilmiy ishlar bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlarda turadi. Har yili huquq professorlari va amaliyotchilar tomonidan yuzlab emas, balki minglab kitoblar yoziladi va sotuvga chiqariladi.

O‘zbekistonda yangi avlod kitoblariga ehtiyoj borligi sabab yosh olimlar xalqaro hamkorlik o‘laroq yapon tilida yozilgan kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish ishiga 2018 yilda start berishdi. Nagoya iqtisodiyot universitetining homiyligi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida Yaponiyada ko‘zga ko‘ringan huquqshunos Ito Makoto tomonidan yozilgan 8 tomlik «Huquq sohalariga kirish» kitobini birinchi bo‘lib tarjima qilishga qaror qilindi.

«Huquq faniga kirish» kitobi yapon tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, O‘zbekistonda 1000dan ziyod nusxada chop etildi. Ulardan 300 nusxasini Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti va boshqa viloyatlardagi universitetlarga sovg‘a qilish rejalashtirilgan.

Tez orada kitob erkin narxda Toshkentning kitob do‘konlariga chiqariladi.

Loyiha ishtirokchilari 2020 yilda Ito Makoto kitoblari turkumidan «Konstitutsiyaviy huquqqa kirish», «Ma'muriy huquqqa kirish», shuningdek Yaponiyaning xalqaro huquq va xalqaro xususiy huquq sohasidagi taniqli professorlari jamoasi tomonidan yozilgan «Vizual xalqaro huquq», «Xalqaro xususiy huquq» kitoblarini tarjima qilishni rejalashtirishgan.

Mavzuga oid