O‘zbekiston | 12:47 / 22.01.2020
9755
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament quyi palatasida qo‘mitalar tuzildi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yil 22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi parlament quyi palatasining qo‘mitalarini shakllantirish masalasi ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga binoan, Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o‘rinbosari va a'zolardan iborat tarkibda qo‘mitalar tuziladi.

Shunga muvofiq, qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a'zolari lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatish yuzasidan takliflarni fraksiyalarning rahbarlari o‘zaro kelishgan holda kiritadilar.

Qonunchilik palatasi qo‘mitasining raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a'zolari palata majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi.

Amaldagi ana shu tartib-taomillarga muvofiq, Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning o‘rinbosari va a'zolardan iborat tarkibda qo‘mitalar tuzildi. Unga ko‘ra, parlament quyi palatasida Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi, Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tuzildi.

Majlisda Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining raisi, ularning o‘rinbosari, shuningdek qo‘mita a'zolari saylangani to‘g‘risida Qonunchilik palatasining qarorlari qabul qilindi.

Mavzuga oid