O‘zbekiston | 09:25 / 04.02.2020
52110
5 daqiqa o‘qiladi

Bolaning qo‘shimcha ozuqasi qanday bo‘lishi kerak?

Kichik yoshdagi chaqaloqlarga ma'lum muddatdan keyin shifokor tavsiyasi bilan ona sutidan tashqari qo‘shimcha ozuqa bera boshlanadi. Bo‘tqa, sharbat, pyure ko‘rinishida bo‘ladigan bunday ozuqalarga tibbiy nuqtayi nazardan bir qator talablar qo‘yilgan.

Qo‘shimcha ozuqa tanlashda quyidagi jihatlarga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq.

Mahsulot qaysi yosh uchun mo‘ljallangani qadoqda aniq ko‘rsatilishi kerak. Bolaning yoshidan farqlanuvchi yosh belgisi qo‘yilgan mahsulotni xarid qilish tavsiya etilmaydi. Agar kichikroq yosh uchun mo‘ljallangan ozuqani olsangiz, unda jamlangan vitaminlar farzandingiz uchun yetarli bo‘lmasligi, yuqori yosh toifasiniki esa oshqozonning hazm qilish qobiliyatiga mos kelmasligi mumkin. Yosh belgisi qo‘yilmagan ozuqa mahsulotlarini faqatgina 3 yoshdan keyin berish mumkin.

Qo‘shimcha ozuqa uchun mo‘ljallangan mahsulotning saqlash muddati qanchalik kam bo‘lsa, shuncha yaxshi. Mahsulotning saqlash muddati qanchalik uzoq bo‘lsa, demak, unga shunchalik ko‘p sun'iy qo‘shimchalar – stabilizator va konservantlar solingan. Bunday qo‘shimchalar esa, tabiiyki, bola uchun xavfli.

Qadoqqa «termik ishlov berilgan» degan yozuv tushirilgan bo‘lishi mumkin. Bu ozuqa juda yuqori haroratda tayyorlangani yoki bir necha isitish jarayonlarini kechirganini anglatadi. Termik ishlov ozuqaning foydalilik xususiyatlarini kamaytiradi. Bunday mahsulotni faqatgina uzoq yo‘lga otlanganda, mahsulotni ko‘proq muddat saqlashga to‘g‘ri kelganda xarid qilgan ma'qul.

Import mahsulotini xarid qilish chog‘ida uning original yorlig‘idagi va mahalliy tilga tarjima qilingan yorlig‘idagi ma'lumotlarning mosligini, albatta, solishtiring. Noto‘g‘ri tarjima berilgan bo‘lishi, original yozuvda saqlash muddati 4 oy, tarjimada esa 6 oy deb ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Zafar Hoshimov

Qadoqda hech qanday shikastlanish alomatlari bo‘lmasligi kerak. Bu qadoqning germetik ekani va qadoq ichidagi mahsulotning to‘la xavfsiz holatdaligini shubha ostiga qo‘yadi.

Sut mahsulotlari, pyure va sharbatlarning shisha idishda qadoqlanganini olgan ma'qul. Ular eng ekologik mahsulot sanaladi.

Qadoqni ochganda sharaqlagan tovush chiqishi kerak. Bu mahsulotning ichiga havo kirib buzilmaganini anglatadi.

Bolalar uchun qo‘shimcha ozuqa mahsulotlariga nisbatan qonuniy talablar ham qo‘yilgan. 2020 yil 24 apreldan boshlab kuchga kiruvchi «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan normalarga ko‘ra, qo‘shimcha ozuqa quyidagi talablarga javob berishi kerak.

Mahsulot yorlig‘ida quyidagi ma'lumotlar bo‘lishi kerak:

  • ishlab chiqaruvchining, o‘rovchi-joylovchining, eksport qiluvchining, import qiluvchining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va mamlakat nomi;
  • mahsulotning nomi;
  • mahsulot nomida uning go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar ovqatlanishi uchun mo‘ljallanganligi, asosiy tarkibiy qismga muvofiqligining ifodasi hamda quyuq-suyuqlik darajasi to‘g‘risidagi axborot;
  • sof og‘irligi yoki hajmi to‘g‘risidagi axborot;
  • mahsulotning tarkibi;
  • tayyorlash usuli;
  • ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (mavjud bo‘lgan taqdirda);
  • oziqlik qimmati, vitaminlar va mineral moddalarning mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • iste'mol idishi ochilguniga qadar va ochilganidan keyingi saqlash shartlari;
  • yaroqlilik muddati yoki saqlashning turli harorat sharoitlari hisobga olingan holda, mahsulotdan qaysi sanagacha foydalanish kerak bo‘lsa, o‘sha sana;
  • sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi axborot;
  • mahsulot ishlab chiqarilgan va o‘rab-joylangan sana;
  • belgilangan maqsadi va qo‘llanilish shartlari;
  • tovarning shtrix-kodi (mavjud bo‘lgan taqdirda);
  • mahsulotni shifokorning tavsiyasi bo‘yicha qo‘llash to‘g‘risidagi axborot.

Ozuqa o‘ramida ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi, shuningdek sun'iy oziqlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin shifokorning dastlabki maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar oson o‘qiladigan shaklda ko‘rsatilish kerak.

Ozuqani iste'mol uchun qanday tayyorlash xususidagi yo‘riqnoma ilova qilingan bo‘lishi zarur.

Shuningdek, mahsulot yorlig‘ida go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun avval tayyorlangan, bolani oldingi oziqlantirishdan qolgan oziq-ovqat mahsulotlaridan takroran foydalanishga hamda ularni saqlashga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar bo‘lishi shart.

Mavzuga oid