Jahon | 09:35 / 08.02.2020
6567
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zto‘qimachiliksanoat» Xitoyga viza olish uchun arizalar rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatdi

Uyushma Xitoyga barcha korxona xodimlarining tashrif buyurishi va ushbu mamlakat fuqarolarini O‘zbekiston hududiga taklif etishni keyinga qoldirishni tavsiya etdi

Foto: REUTERS

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Xitoyga vizalarini rasmiylashtirishda uyushma nomida buyurtma va xatlar berishni vaqtinchalik to‘xtatdi.

Uyushma xabarida aytilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirliklarining rasmiy bayonotlarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish bo‘yicha respublikadagi epidemik vaziyat, ushbu kasallikning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha ma'lumot berilgan. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish O‘zbekiston hududida qayd etilmagan bo‘lsa-da, respublika hududiga ham kirib kelish ehtimoli yuqori ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi koronavirus infeksiyasi bartaraf etilgunga qadar Xitoy Xalq Respublikasiga barcha korxona xodimlarning tashrif buyurishi va ushbu mamlakat fuqarolarini O‘zbekiston hududiga taklif etishni keyinga qoldirishni tavsiya etdi. 

Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasiga kirish-chiqish vizalarini rasmiylashtirishda uyushma nomida buyurtma va xatlarni berish vaqtinchalik to‘xtatilgani ma'lum qilindi.

Bundan oldin, Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni 720 kishidan oshgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid