Jamiyat | 11:00 / 10.02.2020
12700
2 daqiqa o‘qiladi

«Chorsu»ni mehmonxona emas, biznes markazga aylantirish mumkinmi?

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrining markazida joylashgan sobiq «Chorsu» mehmonxonasi e-auksion.uz elektron savdo maydoniga qayta savdoga chiqarilganidan buyon ushbu obekt xususida yurtdoshlarimiz tomonidan har xil savollar berilmoqda. Kimdir «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi»ga qo‘ng‘iroq qilsa, boshqa birov ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda murojaat qilmoqda.

Ushbu davlat mulki obektini kim xarid qilishi va uning kelajagiga qiziqmagan inson bo‘lmasa kerak. Shu kunlarda sobiq «Chorsu»ni mehmonxona emas, savdo markazi yoki biznes markaz sifatida qayta qurish hamda faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini ta'kidlagan murojaatchilar ko‘p bo‘ldi.

Aytish mumkinki, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan takroriy savdoga chiqarilgan sobiq mehmonxona majmuasini sotib oladigan tadbirkorlar uchun bir qator imkoniyatlar yaratildi, bunda birinchi navbatda fuqarolarning fikrlari inobatga olinganini alohida qayd etib o‘tish o‘rinlidir.

1982 yilda qurilgan, umumiy maydoni qariyb 2 gektarni tashkil etuvchi obekt uch yulduzli mehmonxona tashkil etish talabi bilan sotuvga qo‘yilgan. Mulkni xarid qilgan auksion g‘olibi oldi-sotdi shartnomasi imzolangan sanadan boshlab 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash majburiyatini qabul qilib oladi. Biroq bunda mehmonxona majmuasi bino-inshootlarining bir qismida, bino-inshootlarning umumiy foydali maydonining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan hududda biznes-markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati taqdim etiladi.

Mamlakatimizda boshlangan islohotlar jarayonida mehmonxona hamda biznes markazning yaqin joyda tashkil etilishi ushbu binoning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

«Elektron onlayn-auksionlarni
tashkil etish markazi» DUK PR-xizmati

Mavzuga oid