Maktablarda «Bilimlar bellashuvi» to‘xtatildi. Vazirlik izohi va o‘qituvchi munosabati
2018-2019 o‘quv yili «Bilimlar bellashuvi» tanlovining faqat tuman bosqichlari g‘oliblari viloyatlarda taqdirlanib, lekin ular keyingi bosqichda ishtirok etishmagandi. 2019-2020 o‘quv yilida esa tanlov umuman o‘tkazilmadi.
Kun.uz`ga o‘qituvchilardan murojaat kelib tushdi. Unda o‘qituvchilar maktablarning 5-8 sinf o‘quvchilari o‘rtasida umumta'lim fanlari bo‘yicha an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan «Bilimlar bellashuvi» tanlovining nega joriy yil o‘tkazilmagani bilan qiziqishgan.
«Bu tanlov garchi o‘quvchilar uchun alohida imtiyoz bermasa-da, biroq ularning keyingi yillarda fan olimpiadalariga tayyor bo‘lib borishlariga, bilimini oshirishga asos bo‘lib xizmat qilayotgandi. Uning nima sababdan to‘xtatib qo‘yilgani va qaytadan o‘tkazilishi mumkinmi yoki yo‘q, aniqlashda yordam bersangiz», – deyiladi murojaatda.
Tanlov joriy o‘quv yilidan boshlab to‘xtatildi
Xalq ta'limi vazirligidan aniqlik kiritishlaricha, respublikada 11 yillik umumiy o‘rta ta'limga o‘tilishi ko‘rik-tanlov va fan olimpiadalari kabi tadbirlarning ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Shuning uchun ham o‘quvchilarning yosh-psixofiziologik holatlarini inobatga olib «Bilimlar bellashuvi»ning respublika bosqichi 2018 yildan bekor qilingan.
Ma'lum bo‘lishicha, 2018-2019 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan tanlovning tuman bosqichlari g‘oliblari viloyatlarda taqdirlangan, lekin ular keyingi bosqichda ishtirok etishmagan. 2019-2020 o‘quv yilida esa «Bilimlar bellashuvi» butunlay to‘xtatilgan.
«Tanlovning dastlabki bosqichlaridan e'tirozlar ko‘p bo‘ldi...»
Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Anvar Umarovning aytishicha, bunga o‘tgan o‘quv yilida o‘tkazilgan «Bilimlar bellashuvi» yuzasidan ota-onalar, o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan taklif va shikoyatlar kelib tushgani sabab bo‘lgan. Ko‘pchilik tanlovning dastlabki bosqichlarini o‘tkazishda yuzaga kelayotgan turli kamchiliklardan norozi bo‘lgan.
«Mazkur taklif va shikoyatlarni inobatga olgan holda «Bilimlar bellashuvi»ni yanada adolatli va shaffof tashkil qilish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi tanlov formati va shartlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Xalq ta'limi vazirligi tanlovning yangi formati va shartlari tasdiqlanganidan keyin qo‘shimcha ma'lumotni e'lon qiladi», – dedi Anvar Umarov.
«Bilimlar bellashuvi» bir yilda 2,5 million nafar bolani qamrab olgan
2010-2011 o‘quv yilidan boshlab o‘tkazilayotgan «Bilimlar bellashuvi» tanlovida o‘quvchilar umumta'lim fanlari bo‘yicha bilimini to‘rt bosqichda (maktab, tuman, viloyat va respublika) qatnashib kelayotgan edi.
Har yili tanlovning maktab bosqichida o‘rtacha 2,5 mln nafar, tuman (shahar) bosqichida o‘rtacha 360 ming nafar, viloyat bosqichida 9 ming 200 nafar, respublika bosqichida o‘rtacha 500 nafar o‘quvchi qamrab olingan.
«Tanlov bolalarning o‘qishga motivatsiyasini oshirish uchun kerak...»
Sabina Xudayqulova ayni paytda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida davlat granti asosida o‘qiydi. U 2012, 2013 yillarda tarix fani bo‘yicha «Bilimlar bellashuvi»da ketma-ket respublika g‘olibi bo‘lgan.
«Men eng avval 5-sinfda bu tanlovga qatnashganman. Maktab bosqichida 2-o‘rinni olganimdan keyin, o‘shandayoq biror narsaga erishish uchun ko‘proq harakat qilish kerakligini sezganman. Va keyingi yillarda ketma-ket 2 marta g‘olib bo‘ldim.
Shu tanlovga tayyorgarlik ko‘rish orqali tarixga, siyosatga, huquqqa qiziqib qolganman. Balki shuning uchun hozir shu yo‘nalishda tahsil olyapman. Bu tanlovda men keyingi rejalarimni to‘g‘ri qilishga erishganman», – deydi Sabina Xudoyqulova.
Uning aytishicha, «Bilimlar bellashuvi» oilasiga iqtisodiy jihatdan ham yordam bergan. Chunki Sabina o‘zi ishtirok etgan fandan kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun repetitorga ham bormagan.
«O‘qituvchilar faqat bitta o‘quvchi bilan ishlaydi, qolganlar e'tibordan chetda qoladi, deb o‘ylashadi. Lekin menimcha, har bitta sinfdan bitta bolaga qaysidir fan bo‘yicha chuqur shug‘ullanishga imkon berilsa, nimasi yomon. Chunki o‘quvchi bo‘lgan inson sifatida aytishim mumkinki, faqat darslar orqali o‘quvchini qiziqtirish qiyin.
Bundan tashqari, boshqa fanlardan ham qatnashgan tengdoshlarim bilan tanishish orqali o‘sha fanlarga ham qiziqishim oshgan. Bu bilan bola bittagina fan bilan chegaralanib qoladi, degan fikrlarni inkor qilmoqchiman», – deydi Sabina.
O‘quvchilarga bilimlarini sinab ko‘rishi uchun imkon berish kerak, deb hisoblovchi Sabina Xudoyqulova hozir o‘zi o‘sgan Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi qadimiy qoyatosh yozuvlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Bu bo‘yicha qator maqolalari xalqaro nashrlarda chop etilgan. Sayyohlarga viloyatdagi turistiy obektlarni oson topishga yordam beruvchi «Navoi tourist map UZB» mobil ilovasi va «Navoiy turizm yo‘l xaritasi» loyihasi uchun Intellektual mulk agentligidan guvohnoma ham olgan.
Sabina Xudoyqulova kabi «Bilimlar bellashuvi» tarbiyalagan yoshlar respublikada ko‘p.
«Oxirgi paytlarda xatolar ko‘p kuzatilayotgandi...» – o‘qituvchi
«Bir necha yillardan buyon bu tanlovda o‘quvchilarim qatnashib, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib kelishadi.
Biroq oxirgi paytlarda uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq kamchiliklar ko‘p kuzatilayotgandi. Masalan, ishtirok etuvchilar yozma va amaliy imtihondan tashqari, test topshiriqlarini ham bajarishadi. Lekin tanlov nizomiga ko‘ra, testda xatolik uchrasa ham, appelyatsiya uchun ariza yozish mumkin emas. Negaki, test topshirig‘i qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Biroq oxirgi 2 yilda testlarda ko‘p xatolar chiqayotgandi va bu bo‘yicha bir necha marta Xalq ta'limi vazirligiga ham murojaat qilganman», – deydi Navoiy shahridagi 11-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabi o‘qituvchisi Hojiakbar Juliyev.
Uning aytishicha, «Bilimlar bellashuvi»da qatnashgan o‘quvchilarining ko‘pchiligi keyinchalik aynan o‘sha yo‘nalishda yaxshi natijalarga erishganini ko‘p bora kuzatgan. Biroq tanlovda kuzatilgan kamchiliklarni tuzatish ham, nizomdagi ayrim o‘rinlarga qo‘shimchalar kiritish ham juda muhim.
Bu kabi fikrlarni hisobga olgan holda, Xalq ta'limi vazirligi tanlovni yangi formatda, yaxshiroq variantda tezroq taqdim etadi, degan umiddamiz.
Zilola G‘aybullayeva
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
07:22 / 12.09.2022