Jamiyat | 15:00 / 24.02.2020
18519
3 daqiqa o‘qiladi

Kulishni unutgan ona: bir farzandini yo‘qotdi, ikkinchisiga jigarini bermoqchi!

Bu ayol nega bunchalik g‘amgin? Umuman kulmay qo‘ygan. Ko‘zidan tinimsiz yosh oqadi. Hayot unga ikkinchi sinovini tayyorlab qo‘ygan ekan. Bu imtihon Gulbahor Sulaymonovani yanada og‘irroq ezdi, qaddini bukib qo‘ydi.

Gulbahor opa to‘rt yil avval 26 yoshli o‘g‘li Ilhomjonni yerga bergandi. Taqdir zarbasini qarangki, bugun yana bir o‘g‘li Jamshid Sulaymonov ham ukasini olib ketgan dard – jigar sirrozi bilan kurashmoqda.

– Jamshidjonim bir yilcha avval ham yaxshi ishlab yurgandi, – deydi G.Sulaymonova. – Grippga chalindi, poliklinikaga olib bordik. Shifokor ko‘rgan zahoti o‘g‘limda sirroz boshlanganini aytdi. Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. Afsuski, u yerda ham mahalliy shifokor aytgan og‘ir xabarni eshitishga majbur bo‘ldim. Davolatishni boshladik. Qayerdaki umid bo‘lsa, o‘g‘limni olib boryapman. Yaqinda shifokorlar sirroz kasalligini Hindistonning Dehli shahrida davolash mumkin ekanligini aytib qolishdi. 

Shundan so‘ng tekshiruvlardan o‘tdik. Donor sifatida o‘z jigarimni o‘g‘limga berishim mumkin ekan. Bizda umid uyg‘ondi. Xudodan so‘rayman, menga boshqa farzand dog‘ini ko‘rsatmasin. O‘g‘limning bolalari bor. Ularning, bizning baxtimizga shifo berishini so‘rab, duo qilyapman.

Oila bu yigitning sog‘ayib ketishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Gulbahor opaning aytishicha, hozir ular istiqomat qilib turgan Bulung‘ur tumani “Istiqlol” mahallasidagi uy sotuvga qo‘yilgan. Savobtalab insonlar yordami bilan Jamshidning davolanishi uchun ketadigan 35 ming AQSh dollarning ma'lum qismi yig‘ildi.

Musibatli kunlarni boshidan o‘tkazayotgan ona bugun xalqimizga murojaat qilmoqda. Bu oilaga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan insonlardan Alloh rozi bo‘lsin!

Jamshid Sulaymonov uchun xayriya maqsadida ochilgan plastik kartalar:

Click: 8600 1309 7459 5904

Zelle (AQSh, Yevropa): +13472655976

Sberbank (Rossiya, Turkiya): 639002069035665841

Jamshidning onasi Gulbahor opaning telefon raqami: +998939985544

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri,
tasvirchi Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid