O‘zbekiston | 15:22 / 05.03.2020
39148
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahri hokimi yangi ishga o‘tmoqda

Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi sifatida davom ettiradi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga deputatlar tomonidan tasdiqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xabar berdi.

«Abdurazzoqov Shavkat Shokirjonovichni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlash haqida Qonunchilik palatasining qarori qabul qilindi. Ushbu masala palataning yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Sh. Abdurazzoqov ayni vaqtga qadar Namangan shahar hokimi vazifasida mehnat qilmoqda edi.

Yangi rahbar raisligidagi sohada nazorat kuchaytirilib, asossiz ravishda daraxtlar kesilmasligiga umid qilamiz», deyiladi xabarda.

Shavkatjon Abdurazzoqov 2015-2017 yillarda Namangan tuman hokimi lavozimida ishlagan, 2017 yil fevralida u Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri lavozimida ish boshlagan, 2017 yilning iyulida esa Namangan shahriga hokim etib tayinlangandi.

  • Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga 2018 yilning may oyidan Bahrom Qo‘chqorov raislik qilib kelayotgandi.

Mavzuga oid