Jahon | 08:43 / 13.03.2020
147610
2 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar koronavirusning organizmda qancha yashashini ma'lum qilishdi

Xitoylik shifokorlarning ta'kidlashicha, koronavirus biror odamga yuqqandan keyin uning organizmida 5 hafta qolishi mumkin. Olimlarning bu boradagi tadqiqoti kasallanganlarni izolyatsiya qilish va davolash davomiyligi borasidagi yondashuvni qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.

Foto: Getty Images

Ta'kidlanishicha, yangi turdagi koronavirus organizmda 37 kun qolishi mumkin. Bunday xulosaga Xitoyning tibbiyot fanlari akademiyasi shifokorlari kelishgan.

O‘tkazilgan tadqiqotlar infeksiya nafas yo‘llarida qolib ketishi mumkinligini ko‘rsatgan. Uning izlari virus yuqtirib olganiga 20 kun bo‘lgan bemorlarda ham aniqlangan.

Olimlar koronavirusga chalingan 191 kishi, jumladan undan vafot etgan 54 kishining laboratoriya tahlillari va salomatligi haqidagi tibbiy yozuvlarni o‘rganishgan. Ma'lumotlari o‘rganilgan bemorlarning barchasi virus paydo bo‘lish o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahridagi ikkita shifoxonada davolangan. Taqqoslash uchun, 2003 yilda avj olgan atipik zotiljamda virusning kasallangandan keyin nafas yo‘llarida 4 hafta davomida qolishi faqatgina 30 foiz bemorlarda qayd qilingan.

Olingan ma'lumotlar bemorlarni izolyatsiya qilish va davolash davomiyligi bo‘yicha tavsiyalarni tuzishda muhim bo‘lishi mumkin.

Hozirda izolyatsiyaning tavsiya qilinadigan davri 14 kunni tashkil qilmoqda. Ushbu muddat virus tarqalishining oldini olish uchun yetarli deb taxmin qilinadi. Biroq agar sog‘ayib ketgan bemorlar kasallik alomatlari yo‘qolgandan bir necha kun keyin ham yuqumli bo‘lib qolsalar, unda beixtiyor virusni boshqa odamlarga yuqtirishlari mumkin.   

Mavzuga oid