O‘zbekiston | 17:10 / 17.03.2020
56282
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2100 kishi karantinga joylashtirilgan

17 mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda hozirgi kunda 2100 nafar odam karantinda turibdi. O‘zbekiston fuqarosi koronavirus tarqalgan mamlakatdan bir o‘zi qaytib kelsa, unga uy karantini belgilanadi. Charter reyslari bilan O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar karantinga joylashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi ​​​​​boshlig‘i Nurmat Otabekov «O‘zbekistonda koronovirus infeksiyasining tarqalishi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ta'lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida brifingda karantinda saqlanayotganlarning ahvoli haqida ma'lum qildi.

«Shu paytgacha O‘zbekiston fuqarolarining 7900 nafardan ko‘prog‘i karantinda bo‘ldi. Shu paytgacha 5700 nafardan ortiq odam karantin talablarini o‘tab, uylariga qaytdi. Hozirgi kunda 2100 odam karantinda turibdi.

Toshkent viloyatining «Bo‘ston», «Energetik» sanatoriylarida va Toshkent shahridagi 6-sonli shifoxonada karantinda ushlangan shaxslar barcha sharoitlar bilan ta'minlangan», dedi u.

Ma'lum qilinishicha, ularning barchasi yetarli tibbiyot niqoblari va sanitariya gellari bilan ta'minlangan. Ularning sog‘ligi tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratga olingan. Bundan tashqari, karantindagi fuqarolar nafaqat kasallik tufayli nazoratda, balki sog‘ligini tiklab olish uchun ham imkoniyatga ega.

Nurmat Otabekov koronavirus bemorlari davlat hisobidan davolanishini ta'kidladi.

«Koronavirus bilan kasallanganlar davlat budjeti hisobidan bepul davolanadi. Ulardan davolanish uchun hech qanaqa dori-darmon sotib olishlari talab qilinmaydi», – dedi u. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning qo‘shimcha qilishicha, kasallanganlarni qabul qiladigan shifoxonalarda yetarlicha sharoitlar yaratilgan.

«Bugungi kunda ming nafar bemorni to‘liq davolashga yetadigan dori-darmon zaxirasi yaratilgan. Vaziyatga qarab, buning miqdorini oshirib borish mumkin. Bundan tashqari, turli maxsus apparatlarni ishlatish uchun shifokorlar o‘qitilgan», deydi u.

Nurmat Otabekov xorijdan kelayotgan fuqarolarning barchasi (tibbiyot muassasalarida karantinga joylashtirilmaganlar) uy sharoitida karantinga olinayotgani haqida ma'lum qilgan.

«Koronavirus hozirgacha 155ta davlatda aniqlangan. O‘zbekistonda ham 16 mart kunigina rasman aniqlandi. 15 mart kuni laborator-skriningdan keyin infeksiya O‘zbekistonga ham kirgani aniqlangan. Unga qadar ham 1070ta tekshiruv o‘tkazilgan. O‘zbekiston koronavirus bo‘yicha ma'lumotni yashirishni istamaydi. Infeksiyani yashirib bo‘lmaydi ham. U baribir ertaga qayerdadir o‘zini ko‘rsatadi.

Hozirda karantin ikki ko‘rinishda o‘tkazilyapti. Charter reyslar bilan boshqa davlatlardan olib kelinayotgan yurtdoshlarimizning barchasi izolyatsiya qilinyapti va tekshirilyapti. Agar fuqaro o‘zi alohida kelsa, unga uy sharoitida karantin belgilanyapti.

O‘zbekistonda virus ikki kun oldin paydo bo‘ldi, biz chegaralarni yopdik. Rossiyada esa u ancha oldin aniqlandi, bu davlat chegaralarini ertaga yopmoqchi. Biz epidemiyaga qarshi olib borayotgan tadbirlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining barcha talablariga mos keladi. Chet mamlakatdan olib kelinayotgan yurtdoshlarning barchasi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda», deydi u.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan bemorlar soni 11 nafarni tashkil qilmoqda. 

O‘zbekistonga koronavirus to‘rtta reys orqali kirib keldi.

  • Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi va qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (6 bemor).
  • Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys (3 bemor).
  • Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys (1 bemor). 
  • To‘rtinchisi, 17 mart kuni Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi reys (1 bemor).

Eslatib o‘tamiz, koronavirus keng avj olgan davlatlardan evakuatsiya qilinayotgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelingach, ikki haftalik karantinga joylashtirilmoqda. 16 mart kuni ham Latviyadan olib kelingan 175 nafar yo‘lovchi hamda Erondan olib kelingan 37 nafar fuqaro Namangan viloyati hududida maxsus tayyorlangan joylarga karantin uchun joylashtirildi.

Mavzuga oid