Iqtisodiyot | 01:24 / 12.04.2020
9070
4 daqiqa o‘qiladi

Fitch Ratings O‘zbekistonning suveren kredit reytingini «VV-» darajasida saqlab qoldi

10 aprel kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e'lon qildi: mamlakatning suveren kredit reytingi «VV-» («Barqaror» prognozi) darajasida saqlab qolindi.

Foto: dpa

Fitch Ratings`ning ta'kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global inqiroz sharoitlarida O‘zbekiston reytingining saqlab qolinishiga asosiy omillar mamlakatda mustahkam tashqi va fiskal zaxiralarning mavjudligi, diversifikatsiyalangan tovarlar eksporti bazasi hamda tashqi moliyaviy manbalardan foydalanish imkoniyatlari hisoblanadi, deya izoh berdi O‘zbekiston Moliya vazirligi.

«Agentlik fikriga ko‘ra, mazkur omillar O‘zbekistonning global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha choralarni moliyalashtirish, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda joriy operatsiyalar hisobi defitsitining yuqoriligi va davlat qarzining oshishi bilan bog‘liq qisqa muddatli xatarlarni yumshatishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, «Fitch Ratings» prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev boshchiligida 2017 yilda boshlangan islohotlar, jumladan makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish istiqbollarini yaxshilash, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish hamda institutsional va boshqaruv sohalaridagi zaif tomonlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshiriladi deb hisoblaydi.

Garchi joriy yilda Fitch Ratings tomonidan iqtisodiy o‘sish prognozi 2 foizga tushirilgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning inqirozga qarshi kurash choralari, investitsiya loyihalarining davomiy moliyalashtirilishi hamda asosiy savdo hamkorlarining tiklanishi kelgusi yilda yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini (2021 yil uchun prognoz 6,8 foiz) ta'minlashi alohida ta'kidlandi.

COVID-19  pandemiyasiga qarshi kurashish, aholi bandligi, ijtimoiy to‘lovlarning amalga oshirilishi, iqtisodiy va investitsiyaviy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasining (1 mlrd. AQSh dollari hajmida) tashkil etilgani hamda Hukumat tomonidan maqsadli va vaqtinchalik soliq imtiyozlari, tegishli sektorlarning kredit to‘lovlarini kechiktirish imtiyozlarining (3 mlrd. AQSh dollari hajmida) taqdim etilishi alohida ta'kidlandi.

Shuningdek, agentlik tomonidan davlat tashqi qarzini jalb etishning yillik yuqori chegarasining joriy etilgani va Hukumatning davlat qarzining (Hukumat nomidan va uning kafolati ostidagi qarz) maksimal miqdorini yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 50 foiz etib belgilash bo‘yicha rejalarining davlat qarzining o‘sishini kamaytirishga qaratilgani qayd etildi.

Institutsional islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligi sohalarining rivojlanishi, boshqaruv standartlarining yaxshilanishiga olib kelib, bu «Transparency International» tashkiloti tomonidan yuritiladigan Korrupsiyani qabul qilish indeksi va «World Justice Project» tomonidan yuritiladigan Qonun ustuvorligi indeksida mamlakatimizning o‘rni yaxshilanishida aks etgani hamda 2020 yilda Jahon bankining Biznes yuritish indeksida 76-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilgani alohida e'tibor qaratildi», – deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning kredit reytingiga ijobiy ta'sir etuvchi asosiy omillar quyidagilar:

  • Makroiqtisodiy barqarorlikni oshiruvchi va davlat qarzining o‘sishini sekinlashtiruvchi siyosatning asoslarini kuchaytirish;
  • Tarkibiy ko‘rsatkichlar, ya'ni aholi jon boshiga YaIM va institutsional omillarni sezilarli darajada yaxshilash;
  • Davlat moliyaviy balansini sezilarli darajada mustahkamlash;

O‘zbekistonning kredit reytingiga salbiy ta'sir etuvchi asosiy omillar:

  • Olib borilayotgan islohotlardan chetlashish, makroiqtisodiy muvozanatning buzilishiga hamda makroiqtisodiy barqarorlik uchun xatarlarni oshiradigan nomuvofiq choralar yoki harakatlar;
  • COVID-19 koronavirus pandemiyasining YaIMning o‘rta muddatli o‘sishi yoki davlat moliyasiga o‘ta kuchli salbiy ta'sir ko‘rsatishi;
  • Valuta zaxiralarining pasayishi yoki tashqi qarz majburiyatlarining keskin o‘sishi.

Qo‘shimcha qilinishicha, pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta'siri tufayli Fitch Ratings bir necha suveren kredit reytinglarni yoki prognozlarni pasaytirgan. O‘tgan hafta Janubiy Afrika Respublikasi, Kolumbiya, Ummon Sultonligi hamda Nigeriya Federal Respublikasining reytinglari tushirilgan.

Mavzuga oid