Light | 10:13 / 17.04.2020
65401
12 daqiqa o‘qiladi

2019 yilning eng yaxshi fotosuratlari e'lon qilindi

16 aprel kuni World Press Photo xalqaro tanlovi g‘oliblari e'lon qilindi. Asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar Kun.uz fotogalereyasida taqdim etiladi

Bu yilgi bosh mukofot yaponiyalik fotosuratchi Yasuyosi Tibaga nasib etdi. AFP uchun u Sudandagi norozilik namoyishlarini suratga olgan. Namoyishchilar mamlakatni 1993 yildan beri boshqargan va 2019 yil 11 aprelda hokimiyatdan chetlashtirilgan prezidentning iste'fosini talab qilishdi.

Eng yaxshi foto

Muallif: Yasuyosi Tiba / AFP

Sudandagi norozilik namoyishlari 2018 yilda non narxi keskin ko‘tarilishi ortidan boshlandi. Keyinchalik namoyishchilar mamlakatni 1993 yildan beri boshqarib kelgan prezident Umar al-Bashir iste'fosini talab qila boshladilar. 2019 yil 11 apreldagi harbiy to‘ntarish natijasida u lavozimini yo‘qotdi va hibsga olindi, ammo norozilik namoyishlari shu bilan to‘xtamadi: fuqarolar hokimiyatni fuqarolik hukumatiga berishni talab qilishdi. May oyida Sudan harbiy kengashi hamda «Ozodlik va o‘zgarishlar uchun» muxolif alyansi vakillari mamlakatda uch yillik o‘tish davri o‘rnatishga kelishib oldi. Bu vaqt ichida hokimiyat yangi saylangan siyosatchilarga topshirilishi kerak. Ushbu ish «Yangiliklar» toifasida bosh mukofotni qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi fotoreportaj

Muallif: Roman Lorendo

Yosh jazoirliklar va ularning «Birodar, qo‘zg‘olon qanday boshlandi» norozilik harakatidagi ishtiroki haqida fotoreportaj.

YuNESKO hisobotiga ko‘ra, Jazoirda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 72 foizi ishsiz. Lorendo shaharning ishchi tumanlarida yashovchi Jazoir yoshlari vakillarini suratga olgan holda fotoloyihasi ustida besh yil ishladi. Ularning aksariyati, futbol va fanatlik madaniyati bilan qiziqib, «ultras»ga aylanadi hamda ko‘pincha norozilik namoyishlarida qatnashadi. «Men o‘zimni bu yoshlarga o‘xshata olmadim. Ular yosh, ammo ular bu vaziyatdan charchagan va boshqa odamlar kabi yashashni xohlaydi», - dedi Lorendo ular haqida. Asar «Loyihalar» nominatsiyasida ham g‘olib bo‘ldi

Zamonaviy muammolar. Asosiy mukofot

Muallif: Nikita Tereshin, Berlin

Ko‘rgazma kunining oxirida IDEX xalqaro qurol ko‘rgazmasining ishtirokchisi ikkita granatomyotni olib ketmoqda. Abu-Dabi, BAA. 2019 yil 18 fevral. IDEX - Yaqin Sharqda eng yirik mudofaa ko‘rgazmasi va anjuman, shuningdek, dunyodagi eng yirik qurol yarmarkalaridan biri. Qancha kishi tashrif buyurgani haqidagi rasmiy ma'lumotlar e'lon qilinmaydi

Zamonaviy muammolar. Fotoreportaj. Asosiy mukofot

Muallif: Lorenso Tugnoli The Washington Post uchun

«Tolibon» jangarilari haqidagi «Ko‘p yillik urush» fotoloyihasi. Suratda Abdul Rahmon (20 yosh; o‘rtada) Sharqiy Afg‘onistonning Xogyani tumanida bir guruh jangarilar bilan aylanib yuribdi. Jangarilar otryadiga qo‘shilishdan oldin u dehqon edi va bombani zararsizlantirish paytida qo‘lini yo‘qotgan.

AQShning Afg‘onistonga bostirib kirganidan o‘n sakkiz yil o‘tib, toliblar hali ham mamlakat yarmini nazorat qilmoqda. 2019 yil yanvar oyida boshlangan tinchlik muzokaralari sulh bilan yakunlanmadi va harbiy harakatlar yanada kuchaydi. Tinchlik va iqtisodiyot instituti tomonidan 2019 yil iyun oyida e'lon qilingan hisobotda Afg‘oniston Suriyaning o‘rnini egallab, dunyodagi «eng tinch bo‘lmagan» mamlakat deb topildi

Atrof muhit. Asosiy mukofot

Muallif: Ester Xorvats The New York Times uchun

Oq ayiq va uning bolasi Shimoliy Muz okeanining markaziy qismida arktik iqlim o‘zgarishlari ta'sirini o‘rganayotgan ilmiy ekspeditsiyaning bir qismi bo‘lgan kema yaqinida. «Polarshtern» ekspeditsiyaning markaziy kemasi bo‘lib, u juda past haroratda ishlashga va qalin muzliklardan o‘tib keta olishga mo‘ljallangan, bu 100ga yaqin tadqiqotchilar va ekipaj a'zolarining yil davomida ishlashiga imkon beradi. Atmosfera, okean, dengiz muzlari, ekotizimlar va biogeokimyo haqida olingan ma'lumotlar global iqlim tadqiqotlariga kiritiladi

Atrof muhit. Fotoreportaj. Bosh mukofot

Muallif: Luka Lokatelli National Geographic uchun

«Chiqindining oxiri» fotoreportaji. Amager Bakke - Kopengagen (Daniya) yaqinidagi eski zavodni almashtirgan, chiqindini energiyaga qayta ishlaydigan zavod. Rejaga ko‘ra, zavod kamida 60 mingta uyni energiya bilan ta'minlash va 72 mingtasini isitishda yordam beradi. Filtrlashning ilg‘or texnologiyasi zararli azot oksidlari chiqarilishini deyarli nolga kamaytiradi

Yangiliklar. Fotoreportaj. Asosiy mukofot

Muallif: Nikolas Asfuri Agence France-Presse uchun

«Honkongdagi tartibsizliklar» fotoreportaji. Honkongda norozilik namoyishlari 2019 yil mart oyi oxirida hukumatning amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritish va Xitoyning materik qismiga ekstraditsiya qilishga ruxsat berish to‘g‘risidagi takliflariga javoban boshlandi. Keyingi haftalarda hukumatga qarshi namoyishlar faollashdi. 12 iyun kuni o‘n minglab kishilar Qonunchilik kengashi binosi oldida tuzatishlar bo‘yicha debatlar arafasida to‘planishdi va politsiya tomonidan shafqatsiz ravishda tarqatib yuborildi. 1 oktabr kuni, Xitoy Xalq Respublikasi e'lon qilinganining 70 yilligi nishonlanadigan kun, politsiya namoyishchilarni birinchi marta jangovar patronlar bilan o‘qqa tutdi. Oxir-oqibat, qonun loyihasi qaytarib olindi, ammo namoyishchilar o‘z talablarini kengaytirdi, ular orasiga ilgari hibsga olingan namoyishchilarni ozod qilish ham kiritildi. Tartibsizliklar yil oxirigacha davom etdi

Tabiat. Bosh mukofot

Muallif: Alan Shreder, Belgiya

«So‘nggi vidolashuv» loyihasi «Tabiat. Fotoreportaj» yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi. Suratda Subulussalam shahri (Sumatra, Indoneziya) yaqinida qutqaruv guruhining jarrohlik stolida bir oylik orangutangning jasadi. Hayvon yaralangan onasi bilan palma moyi plantatsiyalarida topilganidan ko‘p o‘tmay nobud bo‘ldi. Qutqaruvchilar Xoup deb nom bergan orangutang bolasining onasi ko‘r, suyaklari singan holatda va 74ta o‘qdan jarohat bilan topilgan. Unga qishloq aholisi bog‘laridan meva yeganida o‘q uzishgan.

Orangutanglar dunyodagi faqat ikkita orolda - Sumatra va Borneoda yashaydi hamda ular tabiiy yashash joylaridan siqib chiqarilmoqda. Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda atigi 14 mingta Sumatra orangutanglari qolgan. Urg‘ochi orangutanglar sakkiz-to‘qqiz yilni har bir bolasini tarbiyalashga sarflagani sababli, populyatsiya tezda kamaymoqda

Portretlar. Bosh mukofot

Muallif: Tomek Kachor Duży Format, Gazeta Wyborcza uchun

Yaqinda «Tinchlantirish sindromi» tufayli katatonik holatdan xalos bo‘lgan 15 yoshli arman qizi Yeva Polshaning Podkove-Lesne shahridagi qochqinlarni qabul qilish markazida ota-onasi qurshovida nogironlar aravachasida o‘tiribdi. Tinchlantirish sindromi bemorlarni passiv, harakatsiz, gapirmaydigan, yeb-ichishga qodir bo‘lmaydigan, jismoniy stimullarga qarshi holatga keltiradi. Sindrom qochqin bolalar orasida keng tarqalgan bo‘lib, birinchi marta 1990-yillarning oxirlarida qayd etilgan. Og‘ir zo‘ravonliklar - oilalari o‘ta xavfli muhitdan qochgan, ota-onasiga qarshi zo‘rlik holatlarning guvohi bo‘lgan bolalarda eng ko‘p uchraydi. Remissiya va asta-sekin normal hayotga qaytish hayot sharoitlari barqarorlashgandan keyin sodir bo‘ladi. Yeva oilasi Shvetsiyadan boshpana olishga uringanda sindromga chalindi, ular Polshaga deportatsiya qilinishi kerak edi, u yerdan esa Armanistonga qaytarib yuborishlari ehtimoli bor. Qizning kasalligiga qaramay, oila baribir Polshaga deportatsiya qilindi, sakkiz oydan keyin Yeva to‘liq sog‘ayib ketdi

Portretlar. Fotoreportaj. Bosh mukofot

Muallif: Adam Fergyuson The New York Times Magazine uchun

«O‘g‘irlanganlar» loyihasi. Suratda 2014 yilda IShID tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va 2019 yil boshida Iroq Kurdistonining Doxuk shahridagi Hanka majburiy ko‘chirilganlar lagerida ozod qilingan 11 yoshli Rezan tasvirlangan.

IShID Iroq shimolidagi Mosul atrofidagi hududdan chekingandan so‘ng minglab mahbuslar ozod qilindi. Fotosuratchi Iroq shimolidagi qochqinlar lagerlarida, IShID jangarilaridan jabrlangan yozidlar va boshqalarning suratlarini oldi. Yozidlar jangarilar tomonidan shaytonga ibodat qiluvchilar deb qabul qilinadi. Jangarilar 2014 yil Iroq shimolida yozidlarning yerlarini bosib olganida, 5 mingga yaqin erkak o‘ldirildi, ayollar va qizlar o‘g‘irlab ketildi hamda jinsiy qullikka majburlandi, o‘g‘il bolalar esa bo‘lajak askarlar sifatida o‘qitildi. 500 mingga yaqin yozidlar qochishga majbur bo‘ldi

Sport. Bosh mukofot

Muallif: Mark Blinch NBAE uchun

Milliy basketbol assotsiatsiyasining (MBA) pley-off bosqichi Sharqiy konferensiyasi yarim finalining yettinchi o‘yini. «Toronto Reptors» o‘yinchisi g‘alaba to‘pini kiritmoqda

Sport. Fotoreportaj. Bosh mukofot

Muallif: Uolli Skalij Los Angeles Times uchun

«Qayta tirilganlar» fotoreportaji. Paradise Bobcats o‘yinchilari o‘z shaharlarini vayron qilgan o‘rmon yong‘inidan keyin birinchi o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Paradayz (Kaliforniya, AQSh) kichik qishlog‘idan bo‘lgan futbol jamoasi a'zolari jamoani tiklash va yangi mavsumni boshlash uchun o‘z maydonlariga qaytishdi. Yong‘in Kaliforniya tarixidagi eng vayronakor o‘rmon yong‘iniga aylandi. Paradayz deyarli butunlay yonib ketdi, ammo o‘rta maktabdagi regbi maydoniga zarar yetmadi

Tezkor yangiliklar. Bosh mukofot

Muallif: Faruk Batig Deutsche Presse-Agentur uchun

Jazoirda talabalarning hukumatga qarshi namoyish paytida politsiya bilan to‘qnashuvi.

Jazoirda norozilik namoyishlari fevral oyida boshlandi. Ularning dastlabki maqsadi mamlakatni 1999 yildan beri boshqarib kelgan 81 yoshli Abdel Aziz Buteflikani hokimiyatdan ag‘darish edi. Aprel oyida Buteflika iste'foga chiqib, hokimiyatni harbiylar tomonidan boshqariladigan muvaqqat hukumatga topshirdi, ammo namoyishlar davom etdi. Namoyishchilar 4 iyulga belgilangan prezidentlik saylovlarini bekor qilish hamda demokratiyaga qaytishni talab qildilar. Norozilik namoyishlari 2020 yilda ham davom etdi

Tezkor yangiliklar. Fotoreportaj. Bosh mukofot

Muallif: Mulugete Ayyene Associated Press uchun

10 mart kuni, parvozdan bir necha daqiqa o‘tgach, Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Boeing 737 MAX 8 yo‘lovchi samolyoti quladi. U Addis-Abeba - Nayrobi yo‘nalishi bo‘yicha rejalashtirilgan parvozni amalga oshirayotgandi. Samolyot bortidagi barcha 157 kishi halok bo‘ldi. Aviahalokatdan bir hafta o‘tib, dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Halokatdan sakkiz oy o‘tgach, 14 noyabr kuni hodisa joyiga tuproq to‘kildi, qurbonlarning aniqlanmagan jasad qoldiqlari esa ko‘mildi. Aviahalokatga ushbu seriyadagi samolyotlarning texnik nosozligi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid