Jahon | 22:24 / 23.04.2020
34101
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilindi 

Yevropa va AQShning bir qator olimlari fikricha, joriy yil butun dunyoda havo harorati bo‘yicha 2019 yildagi kabi rekord issiq yil bo‘lishi ehtimoli katta.

Foto: Getty Images

Bu haqda The Times nashri yozdi. 2019 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lgandi. 2020 yil esa ushbu rekordni yangilashi ehtimoli katta.

AQShning Okean va atmosfera tadqiqotlari bo‘yicha milliy boshqarmasi (NOAA) ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning ilk 3 oyi kuzatuvlar tarixidagi eng issiq oylardan bo‘lgan. Bu oylar 2016 yildagi ilk 3 oydagi rekord haroratlardan keyin 2-o‘rinni egallagan. 

NOAA olimlari prognoziga ko‘ra, 2020 yil 75 foiz ehtimollik bilan eng issiq yil bo‘ladi va 99,9 foiz ehtimollik bilan eng yuqori harorat qayd qilingan yillar beshtaligiga kiradi.

Ayniqsa Yevropada harorat faol oshmoqda – bu yerda o‘rtacha harorat XIX asrdan beri 2 darajaga oshgan. Bu orada butun dunyoda bu ko‘rsatkich 1,1 darajani tashkil qilgan. 

Iqlim o‘zgarishlarini kuzatish xizmati Copernicus’da ta'kidlanishicha, Yevropada 12 ta eng issiq yildan 11 tasi 2000 yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi.

Reding universiteti qoshidagi Atmosfera haqidagi fanlar milliy markazining iqlim tadqiqotlari bo‘yicha direktori Rouen Sattonning aytishicha, bu holat ikkita asosiy omil bilan bog‘langan: birinchidan, quruqlik okeanga qaraganda tezroq qiziydi; ikkinchidan, ko‘proq qizishga Yevropada havo ifloslanishi kamayishi ta'sir ko‘rsatib, buning natijasida yer sirti tezroq qiziydi.

Mavzuga oid