O‘zbekiston | 20:49 / 03.05.2020
16979
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi mahallalarni borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga safari davomida suv toshqinidan jabrlangan yana ikki tumanda - Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida ham bo‘ldi.

Mutasaddi xodimlar favqulodda hodisa yetkazgan zarar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berdi.

Suv toshqini tumanning «Shodlik» va «Ahillik» mahallalari hududini ham bosgan edi. Ularda yashayotgan 11 mingdan ziyod aholi Guliston shahri hamda Jizzax viloyatining Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlariga evakuatsiya qilindi. Ushbu noxush voqea oqibatida tumandagi jami 13 ming 397 gektar paxta, g‘alla va poliz ekinlariga zarar yetgan. 

Davlat rahbari mutasaddilarga har bir xonadon egalari bilan gaplashib, ularning uy-joylarini ta'mirlash, yaxshi sharoiti mavjud xonadonlarga aholini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  

Mirzaobod tumanida nuroniylar, mahalla oqsoqollari va  faollari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi.

Bu hudud ham suv toshqini katta ta'sir ko‘rsatgan hududlardan biri. «Navbahor», «Haqiqat», «Bahoriston» hamda «Yo‘ldoshobod» mahallalarida yashovchi qariyb 15 ming aholi tumanning «Yangiobod» mahallasi hamda Yangiyer shahriga joylashtirilgan. Jami 7084 gektar qishloq xo‘jaligi maydoniga zarar yetgan.

Prezident qurilish-ta'mirlash ishlarini xalq bilan maslahatlashib amalga oshirish, dehqon va fermerlar muammolarini joyiga chiqqan holda hal etish zarurligini ta'kidladi.

Aholi vakillari davlat rahbariga shunday qiyin vaziyatda xalq bilan birga bo‘lgani, qisqa vaqtda katta ishlar qilinib, hayot izga tushayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Shu yerda hukumat a'zolari, mutasaddi rahbarlar bilan qishloq xo‘jaligi maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, shikast yetgan yo‘l va ko‘priklarni ta'mirlash masalalari muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Mavzuga oid