«Chetdan yordam olishga umid qilib bo‘lmaydi» – Tojikiston koronainqirozni qanday yengmoqchi?
Kun.uz muxbiri pandemiyaning Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri va ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari bilan suhbatlashdi
Dastlabki maqolada Tojikistondagi vaziyat haqida so‘z boradi. Bu haqda tojikistonlik jurnalist Ozod Meliboyev ma'lumot berdi.
– Ozod aka, bir qator ommaviy axborot vositalarida Tojikistonda koronavirus borligi, lekin hukumat buni yashirayotgani haqida chiqishlar bo‘ldi, lekin hukumat buni rad etib keldi. Mamlakatga JSST missiyasi tashrif buyurishi e'lon qilingandan keyin ko‘p o‘tmay koronavirusdan zararlanish holati rasman tasdiqlandi va birdaniga 15 nafar bemorda bu infeksiya aniqlandi. Nima deb o‘ylaysiz, bungacha Tojikistonda koronavirusga chalingan bemorlar bormidi yoki yo‘qmidi?
– To‘g‘ri, haqiqatan ham, kecha (30 aprel kuni) tushdan keyin koronavirus holati mamlakatda rasman qayd etildi (suhbat 1 may kuni yozib olingan – tahr.). Poytaxt Dushanbeda 5 kishi va mamlakat shimolida, Sug‘d viloyatida 10 kishida ushbu kasallik tashxisi qo‘yildi.
Ungacha xorij manbalari, asosan, muxolifat manbalari koronavirus borligi haqida iddaolar qilishdi. Haqiqatan ham, shubhali holdagi o‘limlar soni ko‘paydi va ularni shifokorlar maxsus kiyimlarda yaqinlariga bermasdan ko‘ma boshladi. Bularning hammasi koronavirus borligidan dalolat berar edi.
– Koronavirus aniqlangani rasman tan olingandan keyin Tojikistonda qanday vaziyat kuzatilyapti, odamlar sarosimada emasmi?
– Ammo odamlar u qadar vahimaga tushib qolishmadi. O‘ylaymanki, buning bir necha sababi bor. Masalan, bungacha odamlar bir necha bor virus vahimasini boshdan o‘tkazishdi.
Boshqa sababi, Tojikiston hukumatining o‘zi shunday pozitsiyani tanladiki, boshdan koronavirus yo‘qligini aytish barobarida, «Koronavirus – grippning boshqa turlari kabi oddiy kasallik. Vabo va shunga o‘xshash boshqa kasalliklar kabi o‘lim olib keladigan kasallik emas», degan ma'nodagi axborotni tarqatdi. Buning natijasida esa odamlar bu holatni unchalik vahimaga tushmay qabul qilishdi.
– Tojikiston oliy o‘quv yurtlarida 1-3 kurs talabalari ta'tilga chiqarilayotganidan, bitiruvchi kursda o‘qiyotganlar esa 15 maygacha bitiruv imtihonlarini topshirishlari kerakligi e'lon qilinganidan xabarimiz bor. Mamlakatda bundan boshqa yana qanday karantin cheklovlari joriy qilinmoqda? Bog‘chalar, maktablar faoliyatini to‘xtatdimi yoki davom ettirayaptimi?
– 27 apreldan boshlab, bolalar bog‘chalari, maktablar, litsey va kollejlar ikki haftalik ta'tilga (10 maygacha) yuborildi. Oliy o‘quv yurtlarining 1-3 bosqichlarida o‘qiyotgan talabalar uchun 4 maydan boshlab o‘quv yili yakunlanadi. Ular yozgi imtihonlarini topshirishmaydi. O‘quv yili davomida ular olgan sinovlari reyting ko‘rsatkichlariga qarab, yakuniy imtihonlar natijalari qabul qilinadi. Biroq to‘rtinchi va qisman beshinchi, ya'ni bitiruvchi kurslar to 15 maygacha o‘quv dargohiga qatnab, bitiruv imtihonlarini topshirishadi va butunlay bitirib ketishadi. Bu bo‘yicha Respublika koronavirus tarqalishining oldini olish shtabi shunday qarorga keldi.
– Ozod aka, Tojikistonda odamlar ishsiz yoki daromadsiz qolayotgani haqida hali xabarlar tarqalmadi. Hukumat Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarda kuzatilgan holatlar, odamlarning qiynalayotgani, yuzaga kelgan muammolar, karantin cheklovlari ortidan odamlar pulsiz qolib ketganidan xulosa chiqarib, bu kabi holatlarning oldini olishga harakat qilyaptimi?
– Tojikistonda qat'iy karantin cheklovlari joriy etilmadi. Faqatgina yuzga niqob taqib yurish haqida qaror qabul qilindi. Aholining harakatlari, korxona va tashkilotlarning faoliyati cheklangani yo‘q. Bundan buyog‘iga ham cheklovlar bo‘ladimi-yo‘qmi hozircha aniq emas.
Faqatgina oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa narsalar bilan savdo qilinadigan bozorlar yopildi. Maktab o‘qituvchilari va bog‘chalarning tarbiyachilariga ta'til payti uchun ham haq to‘lanishi e'lon qilindi.
Har yili Rossiyadagi mehnat muhojirlari hisobidan Tojikistonga katta mablag‘ kelar edi. Tahlilchilarning aytishicha, agar Rossiyada migrantlar o‘rtasida ishsizlik, karantin cheklovlari uzoq davom etsa, buning Tojikistonga ta'siri katta bo‘lishi kutilyapti. Ya'ni ko‘plab oilalar daromad manbayini yo‘qotadi.
Tojikiston iqtisodiyoti u qadar qudratli emas. G‘azna u qadar boy emas. Mamlakatda karantin cheklovlari joriy etilmasligining sabablaridan biri ham shu. Agar qattiq cheklovlar joriy etilsa, davlat g‘aznasidan ma'lum sohalarga mablag‘lar yo‘naltirilishi kerak bo‘ladi. Ana shu mablag‘lar muammo bo‘lgani uchun ham karantin joriy etilmayapti.
Kelgusida voqealar rivojiga qarab qanday choralar ko‘riladi, buni kuzatamiz. Faqatgina tibbiyot xodimlari uchun bir oylik, uch oylik ish haqi qo‘shimcha to‘lanishi aytildi.
Respublika hukumati yig‘ilishida mamlakat prezidenti koronavirusga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun Prezident fondidan 12 mln somonidan ortiqroq mablag‘ ajratdi. Shuningdek, o‘zining bir oylik maoshini ham koronavirusga qarshi kurashish fondiga topshirishini e'lon qildi. Bu mablag‘lar faqat tibbiyot xodimlariga beriladi.
Ishsizlarga va boquvchisiz qolganlarga qanday yordam berilishi haqida ma'lumotlar yo‘q.
Shuningdek, hukumat maxsus savdo yarmarkalarini tashkil etmoqda. Bu savdo yarmarkalari oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi va qimmatlashib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilmoqda.
– Xorijiy davlatlarda qolib ketgan tojikistonliklarning taqdiri nima bo‘lyapti? Ularga kutinglar deyilyaptimi yoki mamlakatga olib kelinyaptimi?
– Albatta, Tojikiston hukumati ham xorijda qolib ketgan fuqarolarini olib keldi. Birinchi bo‘lib Uhandan olib kelindi. Keyin Rossiyadan va boshqa-boshqa davlatlardan ham olib kelindi.
Lekin afsuski, xorijda qolib ketganlar ham bor. Jumladan, Turkiyada, Rossiyada. Ular, nazarimda, vaziyatni jiddiy baholashmadi, keyin qaytish istagini bildirishdi. Ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilishdi. Lekin bir qism vatandoshlar haligacha Tojikistonga qaytolgani yo‘q. Bu muammo bor.
– Tojikistonda koronavirusning iqtisodiyotga ta'siri hali u qadar sezilgani yo‘q. Yuqorida o‘zingiz mamlakatda karantin cheklovlari joriy etilmaganini aytib o‘tdingiz. Lekin pandemiya qachon tugashi, qachon dunyo bu virusdan forig‘ bo‘lishi hozircha noma'lum. Agar pandemiya bir necha oyga cho‘ziladigan bo‘lsa, Tojikistonda bu jarayon qanday kechishi mumkin?
– Bu masalada bizda tadqiqotlar yetarli emas. Lekin baribir, hukumatning, prezidentning chiqishlarini men analiz qilib, shunday xulosaga keldimki, Tojikiston kelgusi bir yil yoki ikki yilda o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tayanib qolmoqchi.
Sababi, boshqa davlatlardan yordam olish qiyin masala – birinchidan, ularning o‘zida ham hozir holat inqirozli, ikkinchidan, Tojikiston ko‘p jihatdan keyingi paytlarda demokratik talablar, so‘z erkinligi kabi ular qo‘yadigan talablarga javob bermayapti. Ya'ni ulardan ham unchalik umid qilib bo‘lmaydi.
Boshqa bir variant – Rossiyadagi mehnat muhojirlari hisobidan edi, lekin u yerdagi vaziyatni ko‘rib turibmiz. Kundan kunga vaziyat jiddiylashib bormoqda. Shuning uchun Tojikiston uchun yagona yo‘l o‘z qishloq xo‘jaligiga tayanib qolish bo‘lmoqda.
Afsuski, Tojikistonda ekin maydonining o‘zi kam. Hududining 93 foizi tog‘lardan iborat. Mavjud ekin maydonlaridan imkoniyat darajasida foydalanmoqchi. Allaqachon ishlar boshlangan. Viloyat raislari ham tumanma-tuman yurib, ekinlar vaqtida parvarishlanyaptimi-yo‘qmi, barchasini nazorat qilib yuribdi. Mamlakat prezidenti ham shunga ishora qildi. Oxirgi chiqishlaridan birida 90-yillarda mamlakatda yuz bergan fuqarolar urushiga ishora qildi.
Men u davrlarni bilaman. O‘shanda oilalar bozordan qariyb hech nima sotib olmas, hamma o‘z tomorqasida, o‘z yerida yetishtirar edi. O‘sha paytda mamlakat prezidenti barcha odamlarga 4–6 sotixdan yer taqsimlab bergan edi. Ana shu yerda bug‘doy, sholi yetishtirib, tirikchiligini o‘tkazishar edi. Kelgusida ham shunga o‘xshash holat kutilyapti, afsuski. Bu achinarli, albatta.
Odamlar ham 90-yillarning odami emas. O‘sha-o‘sha yerlar turibdi. Lekin hozircha ko‘rinayotgan yagona variant shu. Boshqa yo‘l tutishi haqida hech qanday ma'lumotlar yo‘q.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
22:55 / 12.10.2024