Jamiyat | 16:14 / 06.05.2020
13596
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda tulki bolalarini sotmoqchi bo‘lgan shaxsga jazo qo‘llandi

 Andijonda it savdosi bilan shug‘ullanuvchi telegram kanallardan biriga tulki bolalarini 850 ming so‘mdan sotishi haqida e'lon bergan shaxs aniqlandi.

 Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tulki bolalari haqidagi e'lon Asaka shahri «Gulshan» mahallasi, Adirobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi A.S. tomonidan joylashtirilganini aniqlab, uning yashash xonadoniga borishdi. A.S. tulki bolalarini aprel oyida Asaka tumanidagi adirlik hududidan ushlab olganini ma'lum qilgan.

 E'londagi fotolavhada ikkita tulki bolasi ko‘rsatilgan bo‘lib, ekologlar borgunicha ulardan biri qochib ketgani ma'lum bo‘ldi.

 «A.S bitta tulki bolasi qochib ketgani, qachon va qay holatda qochganini bilmasligini aytdi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 92-moddasi bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda chora ko‘rildi.

 Bir dona tulki bolasi davlat muhofazasiga olinib, yosh bo‘lgani, tabiiy erkinlikda yashash ko‘nikmasiga va o‘zi ozuqa topib yeyish darajasida emasligi sabab, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan «Hayvonot bog‘i»ga vaqtinchalik topshirildi», deyiladi Andijon viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Kun.uz saytiga berilgan ma'lumotda.

Ekologlar hayvonot bog‘i ma'muriyati bilan tulki bolasini voyaga yetgach ochiq tabiatga qo‘yib yuborish bo‘yicha kelishib olishgan.

Mavzuga oid