Jamiyat | 22:02 / 09.05.2020
7973
3 daqiqa o‘qiladi

«Tinchlik, hayotga kirib borish urushdan kam bo‘lmagan». Urush faxriysining xotiralari

Ikkinchi Jahon urushi faxriysi Muxtor Rasulov jangdagi va undagi keyingi xotiralarini eslab, Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashdi. 

98 yoshli urush fronti ishtirokchisi 8 may kuni Toshkent  shahrida tashkil etilgan bayram dasturxonida o‘z urushdan keyin tinch hayotga qaytish ham qiyin kechgani haqida gapirdi. 

«Uning og‘irligi urushga teng bo‘lgan. Chunki o‘qish yo‘q, ish yo‘q, joy yo‘q ta'minot tugagan, qariyalarga yordam, degandek. Juda qiynalganman. Keyin aytdimki, hayot o‘zim uchun endi, deb shu yerda asta-sekin ko‘nib, moslashishimga to‘g‘ri keldi. Uylandim. Institutni tamomladim. Uy-joy qildim o‘zimga. Asosiy ishim –o‘qituvchilik O‘zbekiston milliy universitetida bo‘lgan. 40-50 yil shu yerda ishladim. Kandidat bo‘ldim. Doktor bo‘ldim. Fan arbobi bo‘ldim. Rektor bo‘ldim. Ishladim. Shunaqa ishlarni ham qildik. Urushdan keying umrim oliy ta'limda o‘tgan. Nevara-evaralargacha bor. To‘rtta o‘g‘lim uylangan hammasi. Bola-chaqali bo‘lgan. To‘rttalasi ham pensiyada hozir», – deya boshdan kechirganlarini esladi u.

Uning aytishicha, urushda xalqlarning birdamligi, bamaslahat kurashga chiqqani urushdagi g‘alabani ta'minlagan. 

«O‘sha davrdagi xalqlarda bir-biriga birdamligida ko‘p ma'no bo‘lgan. Urush davrida 4 yil boshidan oxirigacha bo‘ldim. Xalqlar do‘stligiga hech narsa yetishmas edi. Yana shu narsa meni qoyil qoldirardiki, yillar ko‘p, uni qishi bor, yozi bor, shunga qaramasdan, shunday katta frontni, armiyani to‘la ta'minlab berishgan. Biron marta falon narsa yetishmabdi, degan narsani eshitganim yo‘q. 

Men aviatsiyada xizmat qilganman. O‘zi, asosan, ko‘pincha razvedkada. Shu bilan birga bombardimon qilish xizmtida ham. Biror marotaba bomba yetishmaganligi, benzin yetmadi, boshqa bo‘lmadi, degan gaplarni eshitganim yo‘q. Aksiga olib, loylik davrlar ko‘p bo‘lgan, og‘ir davrlar ko‘p bo‘lgan, transport yo‘liga paytlari bo‘lgan. Bu, albatta, urushdagi juda katta xalqning birligi, birdamligi masalasi degandek. Harakatning haqiqiyligi degandek masalalardan iborat. Ayniqsa, hujum vaqtida urushning ikkinchi yarmi, degandek, ozod qilib, Polsha yerlari, Germaniya yerlari, Chexoslovakiya yerlarigacha ozod qilib borganmiz. Shunda o‘sha xalqning shaharlariga hayron qolardik. Qiziqarli joylari juda ko‘p edi. Lekin ularning ham hammasiga Germaniyaga haqiqiy dushman edi. Hech qanday ularning Germaniya fashizmiga yaqinligi yo‘q edi», – deya fikr bildirdi ota.

Mavzuga oid