O‘zbekiston | 13:52 / 12.05.2020
12202
3 daqiqa o‘qiladi

Bobir Akilxanov: «IT sohasidagi davlat loyihalarini bozorga chiqarish kerak»

MFactor loyihasining Yoshlar ittifoqi bilan tashkil etilgan navbatdagi soni «O‘zbekistonda freelance istiqboli» mavzusiga bag‘ishlandi.

Dasturda IT sohasida yirik loyihalarni amalga oshirgan Bobur Akilxanov ishtirok etib, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari, frilansingni rivojlantirish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Birinchisi, O‘zbekistondagi budjet shartnomalarini integratorlarga bermaslik. Hozir O‘zbekistonda nima bo‘lyapti? O‘zbekistondagi katta loyihalar davlat loyihasi bo‘lsa, «O‘zinfokom» va boshqa davlat korxonalariga berilyapti.

Ana shu loyihalarni bozorga chiqarib yuboringlar degan bo‘lardim. Bozorga chiqarib yuborsangiz, hozir axborot texnologiyalari sohasidagilar bolalarni yig‘ib, jamoalar tuzyapti. Ularga pul kerak. Shu pul tender bo‘lib, bozorga chiqib ketsa, harakat boshlanadi. Jamoalar paydo bo‘lishni boshlaydi. Jamoalar pul yig‘ib olganidan keyin chet elga Google’ga reklama qilish uchun puli bo‘ladi. Shu narsani birinchi bo‘lib qilish kerak. Davlat loyihalarini davlat amalga oshirishi kerak emas. Davlat faqat regulyator bo‘lishi kerak.

Bobir Akilxanov

Budjetdagi hozirda bo‘layotgan loyihalar bozorga, xalqqa chiqsin, odamlar yutsin. Bir millionlik loyihalarni o‘nta kompaniyaga bo‘lib beringlar. Yigitlar bor, lekin ko‘tarila olmaydi. Ular qayerdan loyiha oladi? Hech qayerdan ololmaydi. Xususiy sektordagi loyihalar juda kichkina. Davlatning ichida esa millionlab loyihalar aylanadi. Shu narsalarni chiqarib yuboringlar. Mayli, bu loyihalarning 20, 50 foizini chiqarib yuboringlar. Ikki yil ichida bizda kuchli kompaniyalar paydo bo‘ladi, ular eksport qilishni boshlaydi.

Ikkinchisi, 4-6 yil oldin kurslarga, ya'ni ta'lim uchun litsenziya olish juda ham qiyin, muammoli narsa edi. Xudoga shukr, hozir bu muammo yo‘q. Shuning uchun bizda kurslar ko‘paydi, harakat paydo bo‘ldi. Davlat umuman aralashmasin: Skype’ga, messenjerlarga blok qo‘ymasin, internet monopoliyasini olib tashlasin, xuddi bozor iqtisodiyotidagidek ishlab ketsa, qolgan hammasini axborot texnologiyalari mutaxassislarining o‘zlari qilib ketishadi. Ularning o‘zlari noni, mijozlarini topib, rivojlantirib boradi», dedi Akilxanov.

 U O‘zbekistonda internet sifati yomonligi haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bizda nima uchun internet yomon? Monopoliya bo‘lgani uchun. «O‘zbektelekom»da monopoliya bor. Bir tashkilot hamma narsani nazorat qiladi. Monopoliya bo‘lmasa, xususiy kompaniyalar rivojlanadi», deydi mutaxassis.

To‘liq suhbatni MFactor’ning Youtube’dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid