Iqtisodiyot | 17:12 / 16.05.2020
4472
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: IC

Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki (OIIB) prezidenti Tszin Litsyun bilan O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning joriy holatini, shuningdek, koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan global inqiroz hodisalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini yumshatish borasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

«Muloqot davomida janob Litsyun bankning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor salohiyatini oshirish va respublika hududlarida bazaviy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qat'iy niyatlarini aytib o‘tdi», deb xabar bergan Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Jumladan, OIIB va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan loyiha konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, pandemiya sharoitida tadbirkorlik sub'yektlarining barqarorligini qo‘llab-quvvatlash va ish o‘rinlarini saqlash maqsadida bank rahbariyati O‘zbekistondagi tijorat banklariga yangi kredit liniyalarini ajratish orqali qo‘shimcha resurslarni yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston hukumati nomidan bank rahbariyatiga OIIB investitsiya qo‘mitasi tomonidan o‘tgan haftada qiymati 156 million AQSh dollarini (loyihaning umumiy qiymati 1,3 milliard AQSh dollari) tashkil etadigan Buxoro viloyati avtomobil yo‘llari infratuzilmasini modernizatsiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning birinchi bosqichi doirasida maxsus kredit ma'qullangani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Shuningdek, bank tomonidan umumiy qiymati 500 million AQSh dollari atrofida bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida avtomobil yo‘llari, aholi punktlari uchun suv va issiqlik ta'minoti tizimlarini rekonstruksiya qilish loyihalari uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni ajratish jarayoni qisqa muddatlarda yakunlanishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid