«Uy-joy masalamizni hal etib olmagunimizcha, halovatimiz yo‘q» - mirzaobodlik onaxon
Sirdaryo viloyatining toshqindan zarar ko‘rgan hududlari aholisi uylarini tezroq ta'mirlab olish, yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa, buzib olish harakatida. Ko‘plar kompensatsiya sifatida to‘lanadigan 40 mln so‘mga yangidan uy ko‘tarishni niyat qilgan.
Hududga navbatdagi safarlarimizdan birida mirzaobodlik onaxon bilan qisqa suhbat qurdik. Onaxon buzilgan hovlisida idishlarni yuvib, loydan tozalash bilan band edi.
«Kenja o‘g‘lim bor, 1995 yilda tug‘ilgan. Shuni uylash uchun yig‘ganlarim bor edi.
Ikki kundan beri idish-tovoqlarimni yuvyapman, lekin ko‘rpa-to‘shaklarimni olmayman. Olmanglar, hozir bo‘lmasa ham, keyinchalik kasallik keltirib chiqaradi, deyishyapti. Faqat idish-tovoqlarni yuvib, xlorlab, tozalab olsam bo‘ldi. Oldimda to‘y bor, kichik o‘g‘limning to‘yi», deydi onaxon.
To‘y qachon, degan savolimizga: «Qani, uy bitsin-chi, xudo xohlasa yangi «uchastka»ga kelin tushiramiz. Kelinni endi topamiz. Uy bitaversin, yo‘q uyga kelin topib olib, qiynalib yurmaylik», deya jilmayib javob berdi suhbatdoshimiz.
20 may kungi suhbatimizda onaxon ofat jabrlanuvchilariga beriladigan 40 million so‘m pulni hali olmaganini aytdi.
«Hali olganim yo‘q. Kecha o‘g‘illarim borsa, familiyamiz chiqmabdi. Berib qolar... Peshonamizga yozilgan bo‘lsa, olamiz.
Dom beradi, deyapti. Ikki o‘g‘lim bilan turaman. Bir o‘g‘limning ikki bolasi bor: xotini va bola-chaqasi bilan ularga dom berishsa yaxshi bo‘lardi.
Beradigan 40 millioniga shu yerga hovli solsam, kichik o‘g‘lim bilan qolardim.
Guliston shahridagi maktab-internatda yashayapmiz. Faqat uyimizga intilib, yegan-ichganimiz ichimizga tushmasdan ozgina qiynalib turibmiz», – deydi onaxon.
Eslatib o‘tamiz, 1 mayda «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan nazorat qilib bormoqda. Davlat rahbari Sirdaryoga bir necha marotaba borib, aholi bilan muloqot qildi va uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta'mirlab berilishini ta'kidladi.
Xususan, toshqindan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga prezidentdan 40 million so‘mlik moddiy yordam va maishiy texnikalar to‘plami (televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabilar)dan iborat sovg‘alar berilishi ma'lum qilingan.
Bundan tashqari, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joylari butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan aholi uchun 3ta massivda jami 2640 kvartirali 66ta besh qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.
Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi («mansabga sovuqqonlik bilan qarash») va 258-moddasi 2-qismi «b» bandi («tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish») moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kuni kecha ikki kishi gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingani ma'lum bo‘ldi.
«Mavhumlik qiynayapti». Sardobaliklar bilan suhbat
Mavzuga oid
21:01 / 02.03.2021
Sardoba suv omborini qayta quruvchi kompaniya tender orqali aniqlanadi
14:27 / 16.02.2021
«Sardoba suv omborini qayta qurish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi» – Qurilish vazirligi rasmiysi
00:47 / 29.01.2021
«Suv toshqinidan zarar ko‘rib, ko‘chada qolgan fuqaromiz qolmadi» - Sirdaryo hokimi o‘rinbosari
07:53 / 30.10.2020