O‘zbekiston | 18:44 / 26.05.2020
27571
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtko‘l tumani hokimi almashdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumani hokimi Yangaboy Aminovich Bobojonov lavozimidan ozod etilgan. 26 may kuni tumanga yangi rahbar tayinlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining maxsus farmoyishi bilan Rustam Shamuratov To‘rtko‘l tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

U 26 may kuni xalq deputatlari To‘rtko‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida tumanning yangi hokimi sifatida tanishtirilgan.

Rustam Shamuratov

Rustam Azatovich Shamuratov shu vaqtgacha Ellikqal'a tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Rustam Shamuratov turli yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining iqtisodiy rivojlantirish masalalari kotibiyati boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, To‘rtko‘l tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Ellikqal'a tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.

To‘rtko‘l tumanining sobiq hokimi Yangaboy Aminovich Bobojonov 2018 yilning kuzida Ne'matulla Xudoyberganov o‘rniga kelgandi.

Eslatib o‘tamiz, 19 may kuni prezident ishtirokida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi. Xususan, Bo‘stonliq, Muborak, Yakkabog‘, To‘rtko‘l, So‘x tumanlari va Ohangaron shahri qatorida Marhamat tumanida ham tadbirkorlar tomonidan e'tirozlar ko‘pligi ma'lum bo‘lgani aytilgandi.

Shundan so‘ng, Muborak, Yakkabog‘ va Marhamat tumanlarida hokimlar ishdan olindi.

Mavzuga oid