O‘zbekiston | 02:35 / 03.06.2020
14739
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda evakuatsiya qilinganlarning qariyb 76 foizi yashash manziliga qaytarildi

Sardoba suv omboridagi fojia natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan evakuatsiya  qilingan 89,450 nafar aholining 67,901 nafari – 75,9 foizi yashash manziliga qaytarildi. 21,549 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan hududlarda qolmoqda. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ishtirokidagi brifingda ma'lum qilindi.

Brifingda Sardoba toshqini talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan ishlar xususida axborot berildi.

Ma'lum qilinishicha, xatlov tadbirlarida fojiada 3663 nafar fuqaroning pasporti yo‘qligi aniqlangan, 1746 nafar fuqaroning pasporti topilib, egalariga qaytarilgan. 1917 nafar fuqaroga yangi biometrik pasport rasmiylashtirib berilgan.

“Aholi orasida talafot yetgan ayrim xonadon egalari ikki marotabadan moddiy yordam olayotgan bir paytda, ba'zi xonadon egalari umuman mablag‘ olmaganliklari xususida uydirmalar tarqalayotganligini hisobga olib, tegishli tartibdagi profilaktik choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, 1 iyun holatiga talafot natijasida jabrlangan oilalarga moddiy yordam sifatida berilgan  40 mln so‘mdan pul mablag‘larini qabul qilib olgan 4025 nafar fuqaroning ro‘yxatlari to‘liq shakllantirilgan. Shuningdek, kelgusida ushbu moddiy yordam mablag‘larini olishi kutilayotgan 1818 nafar fuqarolarning ro‘yxati ham tuzildi”, dedi Shohrux G‘iyosov.

Ta'kidlanishicha, qidiruv ishlari natijasida 11,272 bosh uy hayvoni aniqlanib, ularning hammasi o‘z egalariga qaytarildi. 6112 bosh nobud bo‘lgan uy hayvoni dezinfeksiya qilingan holda, maxsus ajratilgan 5ta hududga ko‘mildi.

Mavzuga oid