Jahon | 08:01 / 12.06.2020
5511
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft yuzni tanib olish texnologiyasini AQSh politsiyasiga sotmasligini ma'lum qildi

Bu ushbu tizimning mamlakatda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan qo‘llanilishini tartibga soluvchi qonunlar paydo bo‘lmaguncha ro‘y bermaydi, deya ma'lum qildi kompaniya prezidenti Bred Smit.

Microsoft korporatsiyasi politsiya tomonidan ushbu tizimdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunlar ishlab chiqilmaguncha, AQSh huquqni muhofaza qilish organlariga yuzni tanib olish bo‘yicha o‘z texnologiyasini sotmaydi. Bu haqda payshanba kuni The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida kompaniya prezidenti Bred Smit ma'lum qildi.

«Ushbu texnologiyadan foydalanishni tartibga soluvchi inson huquqlari bo‘yicha milliy qonun paydo bo‘lmaguncha, biz AQSh politsiyasiga yuzni tanib olish tizimini sotmaymiz», - deya aytib o‘tdi Smit.

Avvalroq, Amerikaning IBM va Amazon korporatsiyalari ham huquqni muhofaza qilish organlariga yuzni tanib olish texnologiyalarini sotishdan bosh tortishgandi. Xususan, Amazon AQSh politsiyasiga bir yil davomida Rekognition ilovasidan foydalanishga ruxsat bermasligini ma'lum qildi, bundan oldin ushbu texnologiya qora tanli kishilar yuzini tanib olishdagi xatoliklari uchun tanqid qilingan edi.

AQSh so‘nggi haftalarda politsiya ishiga va politsiyachilar tomonidan qora tanlilar huquqlarining buzilishi mumkinligiga alohida e'tibor berilmoqda. Buning sabablaridan biri Minnesota shtatining Minneapolis shahrida afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi bo‘ldi. 25 may kuni qo‘lga olish paytida huquq-tartibot idoralari xodimlari unga nisbatan bo‘g‘ish usulidan foydalanishdi. Shundan so‘ng afroamerikalik kasalxonada vafot etdi.

Floydning o‘limidan keyin bir qator shtatlarda qora tanlilar huquqlarining buzilishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi, politsiya bilan to‘qnashuvlar, talonchilik va vandalizm holatlari sodir bo‘ldi. 

Mavzuga oid